13:30 / 08.12.2018
10194
O‘zbekistonda dekorativ quyosh panellarini o‘rnatish taklif etildi
Foto: Pinterest

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida dekorativ quyosh panellarini o‘rnatish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda shahrimizni obod qilish va zamonaviy ruh berish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

“Qayerdadir plastik daraxt yoki hayvonlar shakli, boshqa yerga «I love ... », degan yozuvlar o‘rnatilgan. O‘ylab ko‘ring, bu vositalar qanchalik samarali? Bunday narsalar xorijiy mamlakatlarda ham mavjud, shu sabab ular sayyohlarning e'tiborini tortishi dargumon. Shaharni zamonaviy va noodatiy tarzda go‘zal qilish uchun Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va shu kabi buyuk siymolarimiz haykallari oldiga turli shakldagi (gul, globus, devor va h.k.) quyosh panellarini o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, - deyiladi murojaatda. 

Bildirilishicha, bu quyosh panellaridan yig‘ilgan energiya tunda ko‘chalarni, bog‘lar hududini, yo‘llarni yoritish uchun foydalanilishi, kunduzi esa ularning oldida hordiq oluvchilarning qo‘l telefonlarini quvvatlantirishda foydalanilishi mumkin. Bundan tashqari, turli shakldagi quyosh panellari sayyohlarning ham e'tiborini tortishi mumkin.

“Turli shakldagi quyosh panellarini ishlab chiqish va ularni xiyobonlarning markaziy qismlariga o‘rnatishni taklif qilaman. Bunday dekorativ panellar shahrimizga o‘zgacha ko‘rk beradi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Top