01:18 / 09.12.2018
7685

Toshkentlik bolalar Tailanddagi robototexnika tanlovidan oltin medallar bilan qaytishdi

Foto: tashkentnews.uz

30 noyabr kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida International Young Robot Competition 2018 (IYRC) – Xalqaro robototexnika tanlovi o‘tkazildi.

Unda 34 mamlakatdan minglab bolalar, O‘zbekistondan esa ko‘rish qobiliyati cheklangan 6 yoshli Imron Abdumuratov bilan so‘zlashda qiynaladigan 5 yoshli Imona Ubaydullayeva, 4 sinf o‘quvchisi Ezoza Abdurazmanova, 7 sinf o‘quvchilari - programmist Sitora Islamova va Bobur Xolmatov ishtirok etishdi.

O‘zbekistonlik bolalar «Salomatlik» nominatsiyasi bo‘yicha oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Ular tomonidan yaratilgan ekzoskelet modeli tayanch-harakatlanish apparatidagi muammodan aziyat chekadigan, imkoniyati cheklangan insonlarga haqiqiy yordam bera oladi.

Bu o‘zbekistonlik bolalarning ilk yutug‘i emas. Shu yilning avgust oyida yosh toshkentliklar, 12 yoshli Sitora Islamova va 6 yoshli Artyom Dolganovskiy Pekin shahridagi Butunjahon robototexnika anjumanida ishtirok etib, e'tirofga sazovor bo‘lishgan edi. 

Anjuman doirasida maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari tarbiyalanuvchilari orasida robototexnika loyihalari tanlovi o‘tkazildi. Unda 20 mamlakatdan kelgan 350 nafar bola ishtirok etishdi. Toshkentliklar «Shahar» nominatsiyasining «Ijod» yo‘nalishi bo‘yicha oltin medal va «Oltin mukofot» kubogini qo‘lga kiritishdi.

Navbatdagi International Young Robot Competition 2019 tanlovi Janubiy Koreyada o‘tkaziladi. Unda hamyurtlarimiz ham ishtirok etadi. Bungacha bolalar 2019 yil may oyida Nijniy Novgorodda o‘tkaziladigan, «DeTalka» - robototexnika va neyrotexnologiya xalqaro musobaqasida o‘z kuchini sinab ko‘rishadi.

Mavzuga oid
Top