«YouTube'dan ko‘rgan videom meni robototexnikaga olib kirgan»

— Asli navoiylikman, Karmana tumanida tug‘ilib o‘sganman. Hozirda Toshkent shahridagi IT-parkda robototexnika bo‘yicha menejyerman. Ya’ni robototexnika bo‘yicha 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan auditoriyaga dars beraman. Hozirda 50 dan ortiq shogirdlarim bor. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2-bosqich talabasiman. «Uzrobup» kompaniyasi asoschisi va bir nechta startaplar muallifiman.

Bu sohaga qiziqishim 14 yoshimdan boshlangan. Robototexnikaga YouTube'dagi birgina video sabab bo‘lgan. O‘zbekistondan tajribali ustoz topolmaganman. Bir-ikkita markazlar bo‘lgan, ammo oxirigacha yetishga ko‘zim yetmagan. Shundan keyin onlayn platformalar orqali ustozlar topdim. Ulardan 6 oy davomida tahsil oldim.

«Noutbuk yaxshi ishlamagani uchun xalqaro musobaqadan qolib ketganmiz»

— Biz (o‘zi va jamoasini nazarda tutyapti – tahr.) ish boshlagan paytda O‘zbekistondan kerakli qurilmalarni topish juda qiyin masala edi. Ichki bozorda men ishlamoqchi bo‘lgan kontroller va sun’iy miyalar yo‘qligi sababli Xitoydan buyurtma qilganmiz. U ham 3 oy deganda yetib kelgan. Shundan keyin 15 yoshimda faoliyatimni boshlab, robototexnikaga to‘liq kirib kelganman.

“Barkamol avlod” bolalar markazi men va jamoaga faoliyat yuritishimiz uchun sharoit yaratib bergan. Ungacha hech kim harakat qilmagan, “Barkamol avlod” markazi salohiyatimizni ko‘rib yordam bergan. 2018-19 yillarda olimpiadalarga chiqishni boshladik – birinchi olimpiada Qirg‘izistonda onlayn bo‘lib o‘tgan. Lekin qatnasha olmaganmiz, chunki bizda nafaqat qurilmalar bo‘lmagan, balki noutbuk ham yaxshi ishlamagan.

Yosh robototexniklar o‘rtasida raqobat bo‘lmas edi, ya’ni xalqaro olimpiadaga chiqish uchun shahar, viloyat va respublika bosqichlari bo‘lmasdan to‘g‘ri xalqaroga chiqardik, chunki mahalliy bozorda raqobatchi bo‘lmagan. Shu sababli faqatgina xalqaro musobaqalarda qatnashar edik. Biroq yetarli qurilmamiz va sharoitimiz bo‘lmagani sababli bu musobaqalardan qolib ketar edik. 3 marta chiqqan bo‘lsak, hammasida mag‘lubiyatga uchraganmiz.

Qurilmalar chetdan keladi, arzon ham emas edi. Eng kami 500 dollardan boshlanar edi. Bizda unaqa katta pul bo‘lmagan, yosh edik, hamma narsani ota-onamizga yuklab qo‘ygimiz ham kelmasdi. Chunki musobaqalarga chiqishimizni ham ota-onamiz ta’minlardi.