Light | 02:32 / 11.12.2018
37887
3 daqiqa o‘qiladi

Kutubxonalar haqida qiziqarli faktlar

Dunyodagi eng yirik kutubxona AQSh Kongressi kutubxonasi sanaladi. Uning fondida 150 million nusxadan ortiq kitoblar bor. U 1800 yilda AQSh prezidenti Jon Adams tomonidan tashkil etilgan. Sobiq prezident Kongressga kerakli kitoblarni xarid qilish uchun 5 ming dollar ajratgan. Hozirda kutubxonaga yiliga bir million yetti yuz ming kitobxon tashrif buyuradi.

Foto: Unsplash

Amerikalik biblioman Stiven Blumberg o‘zining kitoblarga bo‘lgan g‘alati “mehri” sabab jahonga dong taratgan. Umri davomida u kutubxonalardan qiymati bir necha million dollar bo‘lgan 20 mingdan ortiq kitoblarni o‘g‘irlagan. Bundan 268 ta kutubxona zarar ko‘rgan. Stiven Blumberg bir necha marta panjara ortiga tushgan. Biroq ozodlikka chiqqach yana eski mashg‘ulotini davom ettirgan. Qizig‘i, kitoblardan birortasini sotmagan va ularga zarar yetkazmagan.

Finlyandiyaning kichik Vantaa shaharchasi kutubxonasiga notanish kishi qadimiy kitobni qaytargan. Jildning orqa tomonidagi qaydlarga qaraganda kitob yuz yil oldin berilgan. Bu rekordni Ginnes rekordlar kitobiga bemalol kiritish mumkin.

Foto: Unsplash

Norvegiyani yozuvchilar uchun haqiqiy jannat deb hisoblash mumkin. Agar yozuvchilardan kimdir bu mamlakatda kitob nashr ettirsa, ming nusxasini Norvegiya hukumati darhol sotib oladi va kutubxonalarga taqsimlaydi. Shu yo‘l bilan yozuvchilarga davlat tomonidan ko‘mak ko‘rsatiladi.

Haskell kutubxonasi bir vaqtning o‘zida dunyoning ikki mamlakati – AQSh va Kanadada joylashgan. Binoning yarmi Amerikaning Derbi-Layn shaharchasida bo‘lsa, qolgan yarmi Kanadaning Stensted shahrida. Kutubxonaga faqat AQSh tomonidan kirish mumkin. To‘g‘ri, ilgari kanadaliklar ham kutubxonadan erkin foydalanishgan. 11 sentabrdagi terroristik voqealaridan keyin xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Bino oldida AQSh Milliy xavfsizligi xodimlari doimiy ravishda navbatchilik qilishadi.

1857 yilda britaniyalik savdogar Jord Mur dunyodagi ilk harakatlanuvchi kutubxonani tashkil etgan. Aynan shu usul bilan Mur foydali bilimlarni qishloq aholisi o‘rtasida tarqatishga qaror qildi.

Foto: Unsplash

Hozirgi kunda faoliyatini yuritishni to‘xtatmagan eng qadimiy kutubxona Misrning Muqaddas Yelena ibodatxonasida joylashgan. Kutubxona miloddan avvalgi VI asrda ochilgan. To‘g‘ri, istalgan kishi u yerga bora olmaydi. Bu faqat muayyan ruxsatga ega monax va talabalar uchun mumkin.

Mavzuga oid