13:50 / 12.12.2018
22995

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShning diniy erkinlik bo‘yicha bayonotiga munosabat bildirdi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yil 11 dekabrda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo o‘z qarori bilan rasmiy ravishda O‘zbekistonni diniy erkinliklar masalasida «alohida tashvishga sabab bo‘layotgan mamlakatlar ro‘yxati»dan chiqardi.

O‘zbekiston TIV xabariga ko‘ra, u shu tariqa mamlakatning diniy erkinliklarni ta'minlash sohasidagi muhim yutuqlarini tan oldi.

«Bu qaror kutilgan edi, sababi O‘zbekiston hayotning barcha jabhalariga ta'sir ko‘rsatayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning tarixiy bosqichidan o‘tmoqda. Amerika va boshqa sheriklar bir necha bor Harakatlar strategiyasida belgilangan, mamlakatni rivojlantirishning beshinchi ustuvor yo‘nalishi - «xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash» bo‘yicha amaliy harakatlar natijalarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar», - deyiladi TIV xabarida.

11 dekabr kuni Xelsinki komissiyasining Davlat departamenti qarori e'lon qilinishi munosabati bilan senator Rojyer Uiker raisligida eshituvlari bo‘lib o‘tdi.

Hisobot bilan chiqish qilgan elchi Sem Braunbekning ta'kidlashicha, «O‘zbekiston yangi rahbariyati haqiqatdan ham o‘zgarishlar jarayoniga sodiq va mamlakatda nafaqat diniy erkinliklar, balki majburiy mehnat va inson huquqlari sohasida ham muhim yutuqlarga erishildi».

«O‘zbekistonni CPC ro‘yxatidan chiqarish - o‘z vaqtida qabul qilingan to‘g‘ri qaror. Bu O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar natijasidir. AQSh Davlat departamentining Diniy erkinliklar bo‘yicha ofisi faoliyatining 20 yillik tarixida faqat ikki mamlakat bunday ro‘yxatdan chiqarildi: Vetnam va endi O‘zbekiston», - deya ma'lum qildi Global jalb etish instituti rahbari Kris Saypl. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh O‘zbekistonni diniy erkinliklar masalasida maxsus kuzatuv ro‘yxatiga kiritgani xabar berilgandi.

O‘zbekiston bundan avval mazkur ro‘yxatda «diniy erkinliklarning tizimli, davomiy va jiddiy ravishda buzilishi»da ishtirok etib kelayotgan mamlakat sifatida qayd etilar edi.

Top