18:30 / 19.12.2018
58072

O‘zbekiston Gulnora Karimovaga nisbatan sanksiyalar uzaytirilishi AQShning ichki ishi deb hisoblaydi

Foto: Tengrinews

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sanksiyalarning uzaytirilishi Qo‘shma Shtatlarning ichki ishidir. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga xabar berdi.

18 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp «Magnitskiy akti» asosida qator shaxslarga, jumladan Gulnora Karimovaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni uzaytirgani xabar qilingandi.

«Gulnora Karimova sud qilingan va jazoni o‘tamoqda. Bu sanksiyalarni uzaytirish AQSh hukumatining ichki ishi hisoblanadi», dedi Bosh prokuratura vakili.  

AQSh Moliya vazirligi 2017 yil dekabrda Gulnora Karimovani «Magnitskiy akti» bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Gulnora Karimova, AQSh fikriga ko‘ra, «biznes ekspropriatsiyasi, bozorlarning monopolizatsiyasi, poralar talab qilish va reket uchun davlat resurslarini ishlatgan qudratli uyushgan jinoiy birlashmaga» rahbarlik qilgan. 

Bundan avvalroq Xalqaro press-klub sessiyasi vaqtida bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Gulnora Karimova belgilangan jazoni o‘tayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Karimova 2015 yilning avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Top