11:00 / 25.12.2018
7831

«Osiyo kubogi guruh bosqichidagi eng qiyini Yaponiya bilan o‘yin emas»

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Sardor Rashidov Osiyo Kubogi guruh bosqichidagi raqiblar orasidan Ummon termasini alohida ajratib ko‘rsatdi.

«Ummon Yaponiyadan kuchsiz, deb o‘ylamayman. BAA va Qatarda o‘ynaganimda ularning o‘yinini ko‘rganman. Ummon – biz uchun noqulay raqib; faqat bir marta yutib, to‘rt marta yutqazganmiz. Bu – bir. Ikkinchidan, Ummon Ko‘rfaz kubogida birinchi o‘rinni olgan. Bu musobaqada Saudiya ham qatnashgan. Oxirgi 8ta o‘yindan buyon yutqazmay kelyapti.

Hozir xalqimiz Ummon va Turkmaniston bilan o‘yinlar oson bo‘ladi, deb o‘ylashi mumkin. O‘ylashimcha, bizga eng qiyini Ummon bo‘ladi, Yaponiya emas. Chunki birinchi o‘yinimiz Ummon bilan. Bu terma himoyada o‘ynab, ko‘proq qarshi hujumga chiqadi. Bizni kutib turgan eng qiyin o‘yin – Ummonga qarshi bahs. Agar birinchi turda yuta olsak, uyog‘i oson bo‘ladi, deb o‘ylayman», – deydi Rashidov.

Eslatib o‘tamiz, kecha BAA-2019ga yo‘l oluvchi yakuniy tarkib ma'lum qilingan edi. Ro‘yxatdan Sardor Rashidov ham o‘rin olgan.

Top