18:30 / 29.12.2018
57789
2018 yilning «so‘ngan umidlari» reytingi

Har safar yangi yil kirib kelishi oldidan odamzod yaxshi niyatlar qiladi, kelgusi yilda ezguliklarga umid bog‘laydi. Ammo afsuski orzularimizning, yoki belgilangan rejalarning hammasi ham amalga oshavermaydi.

Bu o‘ziga xos reyting ham internet olamidagi muhokamalarga asoslangan va tabiiyki biror rasmiy ma'lumotlarga tayanmagan. Shu bois, «so‘ngan umidlar»ning bu tarzda joylashuvi ayrim o‘quvchilarimizga to‘g‘ri tuyilmasligi ham mumkin. Lekin urinib ko‘ramiz.

7. Chiroq o‘chishi yana odatiy holga aylandi

Jadal islohotlar natijasi o‘laroq 2017 yilda respublikaning barcha viloyatlarida elektr ta'minoti yaxshilangani hamma his qilgan edi. Ammo 2018 yil oxiriga kelib yana uzilishlar kuzatila boshlandi. Bu holat elektr energiyasi Qirg‘izistondan import qilinishi to‘xtagani bilan bog‘landi.

Umuman, «svet o‘chishi» O‘zbekistonning yangi tarixida ham odatiy holga aylanib ulgurgan. Ayniqsa, aholi zich bo‘lgan vodiy ahlining umidlari bir yonib, yana o‘chgan.

6. Metanga kilometrlik navbatlar

Yana vodiy, yana o‘sha holat... O‘tgan yillarda ham qish oylarida bu vaziyat kuzatilgan va o‘shanda keyingi yillarda bunday holat ro‘y bermasligi uchun oldindan harakat qilinishi haqida eshitilar-eshitilmas va'dalar berilgandi.

Ammo «har izg‘irin shu bo‘lar takror» deganlaridek, yana quvurlarda gaz «qotib qoldi», yana 5-6 kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi va ular kundan-kunga uzayib bormoqda.

5. Arzon aviatashuvlar

O‘zbekistonning 33 milliondan ortiq aholisi bo‘lgani holda birorta loukosteri yo‘qligi haqidagi gap-so‘zlar anchadan beri yurardi. Aqto‘bedagi avtobus yong‘inida 52 nafar yurtdoshimiz jizg‘anak bo‘lib, ayanchli o‘lim topganidan so‘ng bu masalaga juda jiddiy yondashildi. Arzon aviatashuvlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator yig‘ilishlar bo‘ldi. Ammo bu rejalarning birortasi 2018 yilda amalga oshmadi, mavsumiy qisqa muddatli aksiyalarni aytmasa, yetakchi yo‘nalishlarda narx tushishi kuzatilmadi.

4. Ruslan va Hasanboy

Bu ikki yigit 2016 yildagi Rio-de-Janeyro olimpiadasidagi shonli g‘alabalari bilan butun O‘zbekiston xalqining ko‘zlarini shodlik yoshlariga to‘ldirgan edi. Shon-shuhratga ko‘milib ketgan sportchilarimiz keyinchalik ham ayrim g‘alabalarga erishishdi. Ammo keyinchalik so‘nish kuzatildi – Hasanboy Do‘smatov muhim janglarda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, Ruslan Nuriddinov yanayam qiyin vaziyatga tushdi: doping muammosiga o‘ralashib qoldi.

3. Arzon uy joylar

Arzon uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirila boshlanishi bilan bu loyihaning naqadar muhimligi his qilindi. Chunki bunday boshpanalarga muhtojlar nihoyatda ko‘p, uzoq yillar bu ish bilan hech kim shug‘ullanmagan edi. Televideniye ijtimoiy dasturlarining deyarli har birida yosh oilalar, nogironlarga bunday uylar topshirilayotgani haqida lavhalar namoyish etildi.

Ammo ko‘pchilik kutgan bu uylar odatda sifatsiz bo‘lib chiqdi, yoki kerakli miqdorda qurib bitkazilmadi. Shuningdek, 2018 yilda Toshkent, Sirdaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan 4539ta uy-joydan birortasi ham foydalanishga topshirilmagani ma'lum bo‘ldi.

2. Propiska

Boshqa viloyatlarda ro‘yxatda turuvchilar uchun Toshkent shahrida doimiy propiska qilish bo‘yicha cheklovlar olib tashlanishi haqida e'lon qilingan, bundan juda ko‘pchilik xursand bo‘lgan edi. Biroq amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Garchi propiska berishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari safi kengaygan, yangi uy-joylar xarididagi minimal baho olib tashlangan bo‘lsada, asosiy cheklov o‘z kuchida qolaverdi.

1. Tezligi 10 barobar «oshgan» internet

O‘ziga xos «reyting»imizning cho‘qqisi ko‘plab muhokamalarga, turli-tuman memlarga sabab bo‘lgan, qisqa muddat ichida so‘ngan umidlarning eng zo‘riga aylangan internet tezligidir. Bu masalaga juda yuqoridan e'tibor qaratildi, turli tuman yig‘ilishlar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng 2018 yil 1 dekabrdan boshlab internet tezligi 10 barobar oshishi haqida hammani hayratlantirgan va umidlantirgan bayonot berildi.

Ammo, lekin, biroq... Qayerdadir, qaysidir soatlardadur ozgina tezlashishni aytmasa, deyarli o‘zgarish bo‘lmadi, facebook.com, youtube.com kabi dunyoviy tarmoqlarga kirish amalda imkonsiz bo‘lib qoldi.

Abror Zohidov tayyorladi

Top