2023 yakunlanmoqda. Ukrainadagi urush bu yilda ham asosiy diqqat markazida turdi, ammo dunyoning boshqa mintaqalarida ham mojarolar, keskinliklar, tabiiy va texnogen ofatlar yetarlicha bo‘ldi. Kun.uz yakunlanayotgan yilda dunyo trendida turgan eng asosiy 10 voqeani eslab o‘tadi.

Turkiya va Suriyadagi dahshatli zilzila

Joriy yil boshida so‘nggi yillardagi eng dahshatli fojialardan biri ro‘y bergandi. 6 fevral kuni tongda va kunning birinchi yarmida Turkiyaning janubiy-sharqiy qismida bir necha soat farqi bilan 7,8 va 7,5 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘lgandi. Tabiiy ofat mamlakatning o‘ndan ortiq viloyatlarini qamrab oladi, xususan Hatay, Qahramonmarash, G‘oziantep, Adiyaman va Malatya kabi hududlar eng ko‘p zarar ko‘rgandi.

Qurbonlar soni soat sayin ko‘paygan, internetda yer qimirlashi vaqtida olingan va binolar qulayotgani aks etgan son-sanoqsiz videotasvirlar paydo bo‘lgandi.

Qulab tushgan bino ostidan qutqarilayotgan ayol. Foto: GETTY IMAGES

Zilzila Turkiyaning qo‘shnilaridan bo‘lgan Suriyaning shimoliy qismiga ham katta talofat keltiradi. Halab va Lataqiyada ko‘p qavatli uylar tuproqqa qorishadi va odamlar xarobalar ostida qolib ketadi. Halokatdan omon qolgan yuz minglab turkiyaliklar esa sovuq kunlarda og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘ladi.

Jahon hamjamiyati tezda jabrdiydalarga yordam qo‘lini cho‘zadi, do‘st-u dushman halokat hududidagi odamlarni qutqarishga oshiqadi. Xususan, O‘zbekistondan ham qutqaruvchilar, harbiylar va shifokorlar Turkiya hududiga yetib borib, palatkalar tikishadi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati va aholisi turkiyalik birodarlarga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kirishadi.

8 fevral kuni Turkiya prezidenti tabiiy ofat hududiga keladi boshpanasini yo‘qotganlar vaqtincha mehmonxonalarga joylashtirilishi, keyinroq ularga turar joylar qurib berilishini va’da qiladi.

Zilzila qurbonlari soni haddan tashqari ko‘p bo‘lgani sabablaridan biri sifatida yangi qurilgan binolarning zilzilaga bardoshlilik darajasi yetarli bo‘lmagani keltirildi. Keyingi kunlarda mamlakat bo‘ylab qator qurilish firmalari rahbarlari hibsga olindi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni Turkiyaning o‘zida 50 mingdan oshgan, 10 mingdan oshiq kishi jarohatlangan, Suriyada esa zilzila 8 mingdan oshiq kishini hayotdan olib ketgan, yana o‘n minglab kishilar jabrlangan. Turkiya rasmiylariga ko‘ra, 100 mingdan ortiq binolar vayron bo‘lgan yoki zararlangan.