“KAMAZ-master” jamoasining Eduard Nikolayev boshchiligidagi ekipaji “Dakar-2019” poygasining yuk mashinalar orasida g‘olibi bo‘ldi.
G‘olib poyganing Peruda o‘tgan 10-bosqichida aniqlandi. Bu bosqichni “Iveko” ekipaji yutgan. Biroq bu Nikolayevga umumiy hisobda yetakchilikni saqlab qolishiga xalaqit qilmagan.
2-o‘rinni “KAMAZ”ning Dmitriy Sotnikov boshchiligidagi yana bir ekipaji egallagan.
Bundan avvalroq “KAMAZ”ning yana ikkita ekipaji turli sabablarga ko‘ra poygadan chiqib ketgandi.
Ta'kidlash joizki, ushbu g‘alaba Nikolayevning qatorasiga uchinchi g‘alabasidir: u 2017 va 2018 yillarda ham poygada g‘alaba qozongan. Rossiyalik poygachi 2013 yilda ham poyga g‘olibi bo‘lgan.