18:57 / 23.01.2019
17992

Lyubinko Drulovich O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi

Serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi (MOQ) sayti.

23 yanvar kuni mutaxassis bilan shartnoma imzolash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston MOQ prezidenti va O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, murabbiy Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari, O‘FA mutasaddilari ishtirok etishdi.

«O‘zbekiston futboliga xush kelibsiz. Bizning asosiy maqsadimiz Tokio 2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olishdir. Bu yo‘lda terma jamoamiz uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Sizga murabbiylar shtabida o‘zbekistonlik mutaxassis Ravshan Haydarov yordam beradi. Chunki, u bu tarkibdagi futbolchilarni yaqindan biladi», – dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida serbiyalik murabbiy bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi va o‘z oldiga qo‘yilayotgan vazifani bajarish uchun astoydil mehnat qilishini ta'kidlab o‘tdi.

«Avvalambor menga bildirilayotgan ishonch uchun o‘zim va yordamchilarim nomidan rahmat aytaman. Biz birgalikda harakat qilib, Tokio Olimpiadasiga bora olamiz. Umid qilamanki, hamkorligimiz samarali bo‘ladi», – dedi Drulovich.

Shundan so‘ng tomonlar rasman shartnoma imzoladilar. Yangi murabbiy bilan kelishuv Tokio 2020 Olimpiadasiga qadar amal qiladi. Marosim yakunida murabbiy uchun esdalik libosi taqdim etildi.

Ma'lumot o‘rnida, Lyubinko Drulovich 1968 yilda tug‘ilgan. Murabbiylik faoliyatida Angolaning «Agoshtu», Serbiyaning «Partizan» klublarini, Serbiya va BAA o‘smirlar terma jamoalarini, Makedoniya terma jamoasini boshqargan. Serbiya U19 bilan Yevropa chempionatida g‘alaba qozongan, BAA U19 bilan jahon chempionatiga chiqqan. 2013 yilda Serbiyaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Qur'aga ko‘ra, hamyurtlarimiz Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan F guruhidan o‘rin olgan. Saralashdan o‘tgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oralig‘ida Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Unda 16ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 o‘rinni qo‘lga kiritganlar Tokio - 2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top