18:16 / 01.03.2019
57621

«Shoshilinch tarzda komissiya tuzildi». Avtobusdagi ziddiyatli vaziyatga rasmiy izoh berildi

Kun.uz'da avtobus haydovchisi va konduktor yo‘l haqi to‘lamagan pensioner ayolni avtobusdan haydab chiqargani haqida xabar e'lon qilingandi. 

Ma'lum qilinishicha, ushbu vaziyat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan shoshilinch tarzda komissiya tuzilib, yo‘nalishga chiqib, holat o‘rganildi. 

«Haydovchi va chiptachidan bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan tushuntirish xati olindi.

Ma'lum bo‘lishicha haydovchi Sanyan Aleksandr 32 yildan buyon sohada mehnat qiladi. Uning ko‘p yillik fidokorona mehnati jamiyat tomonidan munosib rag‘batlantirilgan. Ya'ni «Mehnat faxriysi», «Mohir haydovchi», «Faxriy xodim» unvonlariga sazovor bo‘lgan. 

Chiptachi Jamshid Nuriddinov esa 2017 yildan buyon faoliyat yuritib keladi.

Ammo bu ularning yo‘lovchilarga nisbatan bunday tarzda muomalada bo‘lish huquqini bermaydi. Albatta, haydovchi va chiptachi kasb odobiga rioya etmagani, muomala madaniyatini buzganligi, yo‘lovchiga qo‘pol muomalada bo‘lgani uchun to‘la aybdor», ​—​ deyiladi «Toshshahartransxizmat»​ rasmiy munosabatida.

Kun.uz'ga ma'lum qilinishicha, haydovchi va konduktorga nisbatan, ichki tartib qoidalaridan kelib chiqib, intizomiy jazo belgilandi. Haydovchi va chiptachiga nisbatan xayfsan e'lon qilindi. Bu esa korxona tomonidan ularga to‘lanadigan mukofot pullari va qo‘shimcha rag‘batlantirishlarga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. 

«Biroq 8-avtobus saroyiga qarashli «51-Yunusobod 6-mavze  — Beshyog‘och  mavzesi» yo‘nalishida qatnovchi avtobus haydovchisi Sanyan Aleksandr, chiptachi Jamshid Nuriddinovlarning tushuntirishicha keksa ayol o‘zi aytganidek birinchi marta emas, balki bir necha marta avtobusda bepul yurgan. 

Ayolning iddao qilishicha u tekinga avtobusdan foydalanishi lozim bo‘lgan. Ammo bunga hech qanday huquqiy asos mavjud emas.

Shu bois haydovchi va chiptachi uni avtobusdan tushirib yuborgan», ​—​ deyiladi axborotda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi 1996 yil 30 avgustdagi qonuniga asosan shahar yo‘lovchi transportida (avtobusda) bepul yurish (taksidan tashqari) huquqi faqat quyidagi toifadagi fuqarolarga berilgan:

— 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar; 

— 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs; 

—1941-1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar; 

—Afg‘oniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar; 

— haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha xizmat qiladigan oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;

— Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar; 

— ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.

Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan barcha yo‘lovchilar  yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga majbur.

Shu bilan birgalikda, e'lon qilingan videolavhada ayol uchun boshqa yo‘lovchilar xizmat haqini to‘lashga roziligi aks etgan. Haydovchi va yordamchisi shundan keyin ham nega pensionerni avtobusdan tushirib qoldirishganiga aniqlik kiritilmagan.

Top