Light | 22:44 / 05.03.2019
22220
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng mitti shaharlari bo‘ylab sayohat

Ayrim kishilar hayot qaynab toshgan shovqinli shaharlarga sayohat qilishni yoqtirishadi, boshqalar esa kichik manzilgohlarga tashrif buyurishni afzal ko‘rishadi. Bu kabi shaharchalar o‘zining sokinligi, fayzi, urf-odatlari va yorqinligi bilan kishi e'tiborini jalb etadi. Keling, kichik shaharlarga otlangan sayyohlar ortidan borib, dunyoning eng mitti shaharchalarini tomosha qilamiz.

Italiya bilan chegaradan shimolroqda Shveytsariyaning eng mashhur dam olish maskanlaridan biri – Tsermatt joylashgan. U baland tog‘ yonbag‘irlari bilan o‘ralgan chuqurchada joylashgan. Qishloqchada 5,5 ming kishi yashaydi.

Xitoyning Yansho qishloqchasiga ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishga harakat qilishadi. Ularni ulkan g‘orlarga ega bo‘lgan tog‘lar, go‘zal manzarali qirg‘oqlar, mahalliy aholi shug‘ullanadigan baliq ovi o‘ziga jalb etadi.

Yuzlab yillar muqaddam qurilib, yorqin ranglarga bo‘yalgan binolar Italiyaning Venetsiya shahridagi mavze bo‘ylab sayohat qiluvchilarda yoqimli taassurot uyg‘otadi. Burano – suv kanallari bilan o‘ralgan Venetsiyadagi kichik mavze. O‘yinchoqlarga o‘xshab ko‘rinadigan uylar derazalari tagida shaharda harakatlanishning yagona usuli bo‘lgan arqon bilan bog‘langan qayiqlar turadi. Bu rang-barang tumanda 2,5 ming kishidan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Xitoyga kelgan sayyohlarga “Ajdar tizmasi” zavq beradi. Bu guruch plantatsiyalari baland tog‘ zinapoyalarida joylashgan. Ularning oxiri yo‘qdek ko‘rinadi. Bir necha yuz metrga ko‘tarilgan kishi ko‘z o‘ngida aql bovar qilmas manzara gavdalanadi.

Sloveniyadagi Bled shaharchasi aynan shu nomdagi ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan. Joyning sokinlik va halovatga burkangan muhiti kishini lol qoldiradi. Besh ming kishi yashaydigan uylar qadimiy qal'a devorlariga yopishgandek tuyuladi. Cherkovning nayzasimon uchi qorli tog‘lar fonida ertaksimon taassurot uyg‘otadi.

Grenlandiyada aholi zich joylashgan yerlar kam. Bor-yo‘g‘i 3 ming kishi yashaydigan g‘aroyib Kakortok shaharchasi Grenlandiya janubidagi yirik shahar sanaladi. Aholi soni bo‘yicha orolda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

Ilgari Tayvanning Jifuyen shahrida oltin qazib olingan. Qimmatbaho metal tugamagunicha bu joy gullab-yashnashda davom etdi. Biroq g‘aroyib joylashuv, betakror bino, madaniy an'analari shaharni jozibador sayyohlik markaziga aylantirdi. Sayyohlik kompaniyalari ham joyning ommalashuvida katta hissa qo‘shishdi.

Avstriyaning Galshtat kommunasida bor-yo‘g‘i 900 kishi yashaydi. Biroq tog‘ tizmalari bo‘ylab joylashgan qishloq uylarini tomosha qilish va katta shaharlar shovqinidan dam olish istagida bu yerga tashrif buyuruvchilar soni ko‘p.

Norvegiyaning Reyne qishlog‘ida bor-yo‘g‘i 350 kishi yashaydi. U Lofonten orollaridan birining qirg‘og‘ida joylashgan.

Farer orollaridagi Gasadalur qishlog‘idagi uylarda yigirma nafardan kamroq odam yashaydi. Biroq bu yerdagi go‘zallik va sokinlik juda g‘aroyib!

Mavzuga oid