10:00 / 07.03.2019
7178

O‘zbekiston Stokgolm konvensiyasini ratifikatsiya qilmoqchi

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘rib chiqilgan muhim hujjat — «Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

«Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqida»gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. Yetakchi davlatlardan AQSh, Italiya va Isroil konvensiyani imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. MDH davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston ushbu konvensiyaga qo‘shilmagan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi majburiy xarakterga ega, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofazalash maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini to‘xtatishga hamda odam organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi to‘ldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki taqiqlashga yo‘naltirilgan Konvensiyani ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.

Deputatlarning qayd etishicha, Konvensiyani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasiga turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar bilan bog‘liq ekologik holatning yaxshilanishiga, aholi, atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi imtiyozlari bosh tizimiga qo‘shilishi hisobiga mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarning eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish imkonini yaratadi.

Mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Top