11:40 / 09.03.2019
18924

Londonda YeChL uchun jang. Haftaning asosiy o‘yinlari anonsi

«Tribuna» 9-10 mart kunlari Yevropa yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan eng asosiy o‘yinlar anonsini keltiradi.

9 mart, shanba
«Barselona» – «Rayo Valekano». 22.30. «Kamp Nou» stadioni. 
«Monako» – «Bordo». 00.00. «Lui II» stadioni. 
10 mart, yakshanba
«Jirona» – «Valensiya». 20.15. «Munisipal de Montilivi» stadioni. 
«Arsenal» – «Manchester Yunayted». 21.30. «Emireyts» stadioni. 
«Valyadolid» – «Real». 01.45. «Xose Zorrilya» stadioni.

Emeri Sulsherga qarshi
Dam olish kunlarining eng yorqin o‘yini yakshanba kuni Angliyada bo‘lib o‘tadi. Londondagi «Emireyts» stadioni Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun asosiy raqobatchilar - «Arsenal» va «Manchester Yunayted» o‘yinini kutmoqda. Bu Unai Emeri va Ole Gunnar Sulsherning keyingi bir yarim oy ichidagi ikkinchi dueli bo‘ladi. Yanvar oyi oxirida Angliya Kubogi doirasidagi o‘yinda norvegiyalik mutaxassisning qo‘li baland kelgandi (3:1). Ammo Angliya Premer-ligasi o‘yiniga butunlay boshqa e'tibor bilan qaraladi.

O‘tgan turda «qizil iblislar» «kanonirlar»ni kuchli to‘rtlikdan siqib chiqarishgandi. Manchesterliklar safida yuqori sport formasiga chiqqan Lukaku «Sauthempton»ga qarshi o‘yin oxirida g‘alaba golini urgan (3:2), «Tottenhem»ga qarshi London derbisida esa «Arsenal» hujumchisi Per Emerik Obameyang penaltidan gol urolmagandi (1:1).

Sulsher boshchiligidagi «MYu» shu haftada Chempionlar ligasida mo‘jiza ko‘rsatdi - «PSJ» oxirgi daqiqalarda urilgan gol evaziga kerakli hisobda mag‘lub etildi (3:1), jamoa turnirning keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Endi manchesterliklar barcha turnirlar doirasidagi ketma-ket 9ta safar o‘yinida g‘alaba qozongan jamoa bo‘lib turibdi. Londonga safar ham g‘alaba bilan yakunlansa, bu seriya 10 o‘yinga yetadi. Yakshanba kungi o‘yinda Pol Pogba jamoaga yordam berishi mumkin (u Parijdagi o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgandi), Marsiyal ham jarohatini tuzatib safga qaytgan. «Arsenal» esa o‘tgan haftada «Tottenhem»ga qarshi o‘yindagi qo‘polligi uchun maydondan chetlatilgan Lukas Torreyradan 3 haftaga ayrilgan. Bundan tashqari, Yevropa Ligasida ishtirok etgan Emeri shogirdlarida dam olish uchun bir kun kamroq vaqt bo‘ldi, qolaversa yevrokubokda «Renn»ga qarshi safar o‘yinida yutqazgan (1:3) jamoaning kayfiyati ham zo‘r emas.

Qaytayotgan «Monako»
Monegaskliklar o‘tgan turda «Anjye»ga qarshi safar o‘yinida iroda ko‘rsatib, mag‘lubiyatdan qutilib qolgandi (2:2). Qayd etish kerakki, Leonardu Jardim qaytishi bilan jamoa natijalari nisbatan yaxshilana boshladi. «Monako» oxirgi 5 o‘yinda mag‘lub bo‘lmadi - 3 g‘alaba va 2 durang. Oxirgi o‘yinda esa ikki to‘p farqi yo‘qqa chiqarildi.

Endi 16-o‘ringa ko‘tarilgan jamoa bu turda 13-o‘rindagi «Bordo»ga qarshi o‘ynaydi. «Bordo» keyingi 7 o‘yinda atigi bir g‘alabaga erishdi, bir bor durang o‘ynadi va 5 marta mag‘lub bo‘ldi. Natijada, jirondaliklar bosh murabbiyni o‘zgartirishdi - jamoani Paulu Souza qabul qilib oldi.

Birinchi davra o‘yinida «Bordo» o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda gol urib, monegaskliklarga navbatdagi og‘ir zarbani bergandi. Jardim qasos to‘g‘risida o‘ylayotgani tayin.

«Valensiya»ning seriyasi
«Valensiya» barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda yanvar oyi oxiridan buyon mag‘lub bo‘lmadi - 7 g‘alaba va 5 durang. Bu orada jamoa Ispaniya Kubogi finaliga chiqdi, Yevropa Ligasi nimchorak finalida «Krasnodar»ga qarshi birinchi o‘yinda g‘alabaga erishdi. Endi Marselino shogirdlarini «Jirona»ga qarshi safar o‘yini kutib turibdi. Katalonlar yaqinda «Real»ni «Santyago Bernabeu»da mag‘lub etishgan va bu jamoa La Ligadagi har qanday klubga xavf sola oladi. Ayniqsa, o‘z maydonida. Birinchi davradagi o‘yinda «Jirona» «Mestalya»da mezbonlarga jiddiy muammo tug‘dirgan va safardan g‘alaba bilan qaytgandi (1:0). Valensiyaliklar ayni vaqtda 7-o‘rinda va yevrokubokka yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rindan 1 ochko ortda.

Top