07:37 / 22.03.2019
12411

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilyapti

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjatda qayd etilishicha, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasining TIF TN kodi 07 va 08 bo‘lgan tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) summasining 10 foiziga teng ajratmalar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasining ochiq savdolarida sotilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning boshlang‘ich bahosidan oshgan summaning 50 foizi;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Belgilab qo‘yilishicha, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;

bog‘larda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, jumladan, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sig‘imlar xarid qilish;

Agentlik moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, xususan ustamalar to‘lash;

bog‘dorchilik sohasiga xorijiy mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, shuningdek, Agentlik xodimlari, bog‘bonlar va issiqxona xo‘jaliklari egalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlar.

Belgilanishicha:

a) yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari uchun 50 va undan yuqori ball bonitetiga ega bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini ajratish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

b) tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Jamg‘arma va O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga quyidagilar uchun subsidiya ajratish orqali amalga oshiriladi:

bir gektar ekin maydoniga yuqorida ko‘rsatilgan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga 6 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

maydoni 35 gektardan ziyod bog‘larda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kichik tadbirkorlik sub'yektlariga intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 5 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi mablag‘ga kafillik beradi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan subsidiyalarning boshqa summalari hamda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishning qo‘shimcha yo‘nalishlari belgilanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top