17:57 / 28.03.2019
19661

TIV Xitoyda majburan ushlab turilgan ayolni O‘zbekistonga qaytardi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 26 mart kuni O‘zbekistonning Shanxay shahridagi (Xitoy) Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarosi Maftuna Xolmatovaning ushbu shahar tumanlaridan birida majburan ushlab turilganligi to‘g‘risida ma'lumot olib mahalliy politsiya hokimiyatiga rasmiy murojaat qilgan. 

TIV xabariga ko‘ra, natijada hamyurtimizning joylashgan manzili aniqlangan hamda u bilan konsullik xodimlari uchrashgan.

Ushbu O‘zbekiston fuqarosining xabar berishicha, u 2018 yilning iyun oyida Namangan shahridagi nikoh agentligi vositasida XXR fuqarosi Yao Venxao bilan tanishadi hamda va'dalariga ishonib rasmiy nikohni qayd etgandan so‘ng Xitoyga turmush o‘rtog‘ining yoniga uchib ketadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetib borganidan buyon og‘ir ijtimoiy sharoitda yashagan, unga ovqat berishmagan, urishgan, tahqirlashgan hamda pasportini olib qo‘yishgan. U o‘ziga yetkazilgan aziyatlarga chidolmay bir necha marta qochishga uringan.

Politsiya bo‘limi boshlig‘i ham ishtirok etgan suhbatdan so‘ng O‘zbekiston fuqarosi Bosh konsulxonaga topshirilgan. 28 mart kuni Pekin shahri orqali uchgan aviareysda hamyurtimiz Toshkentga yetib keldi.

Boshqa mamlakatlarda fuqarolar bilan sodir bo‘lgan bu kabi faktlar yagona emasligini inobatga olib, TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolariga uzoq muddatga xorijiy davlatga borganda O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida konsullik hisobida turishni hamda bu kabi va boshqa murakkab hayotiy vaziyatlarda ularga murojaat qilishni qat'iy tavsiya etgan.

Bildirilishicha, bunday holatlarda milliy pasportni boshqa shaxslarga berish mumkin emas.

Top