19:51 / 04.04.2019
7136
Fermerlar uchun qaysi islohot samarali bo‘lmoqda? Qishloq xo‘jaligi vazirligi javob berdi

Bugun, 4 aprel kuni Milliy matbuot markazida «Agrar soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasiga Toshkent davlat agrar universitetida va uning Andijon, Nukus va Termiz filiallarida mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.

Mazkur ta'lim muassasalarida mamlakatimiz agrar tarmoqlariga 29ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va 23ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Mazkur oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan qariyb 13000 nafar, jumladan 12534 nafar bakalavriat, 298 nafar magistratura talabalariga 1066 nafar professor-o‘qituvchilar, jumladan, 104 nafar fan doktorlari, 401 nafar fan nomzodlari, dotsentlar ta'lim bermoqda. Ilmiy salohiyat 47,3 foizni tashkil etadi.

Doktorantura va tayanch doktoranturada 64 nafar ilmiy izlanuvchilar ilmiy-tadqiqotlar olib borishmoqda.

So‘nggi 3 yilda jami 97ta, jumladan, Toshkent davlat agrar universitetida 67 ta, Andijon filialida 17 ta, Nukus filialida 10ta, Termiz filialida 3ta doktorlik va falsafa doktorligi dissertatsiyalari himoya qilingan.

Qishloq xo‘jaligi oliy ta'lim muassasalari xorijning 50dan ortiq nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishgan, 8ta xorijiy universitet bilan qo‘shma ta'lim dasturlari tashkil etilib, ikki tomonlama tan olinadigan diplomlar berish tartibi joriy etilgan.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri qishloq xo‘jaligi sohasidagi maqbullashtirish, muvofiqlashtirish doirasida fermerlar yerlaridan ajrab qolayotgani, ishlab turgan fermerlar ham ertangi kunlaridan xavotirdaligini keltirib o‘tib, amalga oshirilgan islohotlarning qaysi biri dehqon-fermerlar uchun samarali bo‘lgani bo‘yicha qanday tadqiqotlar olib borilgani to‘g‘risida so‘ragan. Bu savolga Qishloq xo‘jaligi vazirligining Innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ta'lim boshqarmasi boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Shuhrat Amanov javob bergan.

«Haqiqatan ham bu mavzu juda keng, alohida o‘rganishga arziydi. Shu bois, biz aynan agrotadbirkorlik bo‘yicha alohida matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirganmiz. O‘shanda bu masalaga oid barcha savollaringizga javob olishingiz mumkin», degan u.

Top