11:17 / 04.04.2019
18811

Norvegiya O‘zbekistonning Orol dengizi hududi uchun 1,1 mln dollar ajratmoqda

Foto: Wikipedia

2019 yilning 1 aprel kuni Norvegiya hukumati va BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi Ofisi BMTning O‘zbekistonni Orolbo‘yi hududi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 9,5 million Norvegiya kroni (qariyb 1,1 million AQSh dollari) miqdoridagi to‘lovni tasdiqlovchi standart shartnomani imzoladilar.  

1960 yillargacha dunyoning to‘rtinchi yirik yopiq dengizi bo‘lmish Orolning qurishi milliy va mintaqaviy chegaralar doirasidan chiquvchi insoniyatning eng katta ekologik falokati hisoblanadi, deyiladi O‘zbekistondagi BMT vakilligi xabarida

2018 yilda BMT shafeligida tashkil etilgan Trast jamg‘armasi Orol dengizi hududida istiqomat qiluvchi hamjamiyatlarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini hal qilishda milliy va xalqaro darajada hamkorlikni amalga oshirish va barqaror rivojlanish sohasida global maqsadlarga erishish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni tezlashtirish uchun yagona maydonni taqdim etadi.

Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘z bo‘yniga Trast jamg‘armasiga 6,5 million dollar miqdorida ulushini qo‘shish haqida majburiyatni olgan, uning 2,0 million dollari Trast jamg‘armasining hisobiga o‘tkazib bo‘lindi. Norvegiya Jamg‘armaga mablag‘ kiritgan birinchi tashqi donor bo‘ldi.

Hozirda O‘zbekiston Hukumati BMT bilan hamkorlikda Orol dengizi hududida istiqomat qilayotgan jamoalar duch kelayotgan muammolar haqida xabardorlikni oshirish va Trast jamg‘armasiga qo‘shimcha moliyaviy va texnik resurslarni jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni olib bormoqda.
 
«Orol dengizi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi hukumat va rivojlanish sohasidagi hamkorlarga aynan insonlarga yo‘naltirilgan, jamoalarning ahvoli, talab va ehtiyojlariga asoslangan, harakat sur'atlari va innovatsiyalarga alohida e'tibor bergan holda yechimlarni ishlab chiqishda birgalikdagi faoliyat olib borish imkonini bermoqda, - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer. - Biz Jamg‘armaning donoriga aylanib, Orol dengizi muammosini hal qilish ishiga tarafdorligini tasdiqlagan Norvegiyaning mazkur qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu qaror O‘zbekistondagi tezkor barqaror rivojlanishga ko‘mak berishda Norvegiyaning qat'iyatliligidan dalolat beradi».

Mavzuga oid
Top