22:38 / 06.04.2019
43250
«Mirziyoyevning nutqi, sahna ko‘rinishi va mushakbozlik». Termizda festival qanday boshlandi?

Termizda birinchi Xalqaro baxshichilik san'ati festivali rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, hukumat a'zolari, xorijiy davlatlardan yetib kelgan yuqori martabali mehmonlar, san'atkorlar  va ommaviy axborot vositalari Surxondaryo viloyatida bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

Taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev, Rustam Shamsutdinov va Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev sahnalashtirgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev tabrik so‘zi bilan festival ishtirokchilarini qutladi. Maestro Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi sozandalar guruhi, O‘zbekistonning barcha viloyatlariga xos rango-rang, an'anaviy liboslarni ko‘z-ko‘z qilgan raqqos va raqqosalar festivalga o‘zgacha joziba baxsh etdi. 

«Alpomish», «Guloyim va qirqqiz», «Oshiq G‘arib va Shohsanam» dostonlaridan parchalarni jonli aytgan baxshi, jirov va oqinlar O‘zbekistonning tarixiy madaniyati, urf-odatlarini sahnada jonlantirdi. Shu bilan birga Buxoro mavrigisi, Xorazm lazgisi tomoshabinlar qatori xorijlik mehmonlarni ham xushnud etdi. 

O‘zbekistonda birinchi marta tashkil etilayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ochilish tadbiri turli hududlardan yig‘ilgan baxshilarning jo‘rligida, mushakbozlik sahnasi bilan yakunlandi. Ertadan festivalning asosiy musobaqalari va ilmiy-amaliy anjuman ish boshlaydi.

Mavzu
Xalqaro baxshichilik san'ati festivali
5-10 aprel kunlari Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Birinchi «Xalqaro baxshichilik san'ati» festivali bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top