21:13 / 09.04.2019
13404

2018 yilda migrantlar tomonidan yurtlariga rekord miqdorda pul o‘tkazildi

Foto: Ivan Sekretarev / AP

Past va o‘rta daromadga ega davlatlardan bo‘lgan mehnat migrantlari 2018 yilda o‘z yurtlariga rekord miqdordagi 529 mlrd dollar pul o‘tkazishgan. O‘sish 2017 yilga nisbatan 9,6 foizni tashkil qilgan. Bunday o‘tkazmalarning asosiy oluvchilari Hindiston, Xitoy, Meksika, Filippin va Misr bo‘lgan. Bu haqda Jahon banki tadqiqotida ma'lum qilindi. 

2017 yilda bu ko‘rsatkich 483 mlrd dollarni tashkil qilgan. Umuman olganda, butun dunyo bo‘ylab, jumladan yuqori daromadga ega davlatlar bo‘yicha o‘tkazmalarning hajmi 698 mlrd dollarni tashkil qilgan.

O‘sish AQShda bandlik bilan bog‘liq vaziyat va iqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilangani hamda Rossiya va Fors ko‘rfazi hamkorlik davlatlaridan o‘tkazmalar hajmi tiklangani bilan bog‘langan. 

Shimoliy Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga pul o‘tkazmalari 2018 yilda 7 foizga oshib, 143 mlrd dollarni, Yevropa va Markaziy Osiyoga esa 11 foizga oshib, 59 mlrd dollarni tashkil qilgan. Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Markaziy Osiyoning pul o‘tkazmalaridan kamroq tobe davlatlari sifatida Rossiyada iqtisodiy faollikning barqaror tiklanganidan foyda ko‘rgan.

Shuningdek, migrantlar tomonidan Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlariga 88 mlrd dollar, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlariga 62 mlrd dollar hamda Janubiy Osiyoga 131 mlrd dollar o‘tkazilgan.    

Mavzuga oid
Top