Jahon | 14:05
2074
3 daqiqa o‘qiladi

RF Ukrainaga “Iskander” va qariyb 100 ta dron bilan hujum qildi

Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushni davom ettirayotgan Rossiya kuchlari yana ommaviy hujum uyushtirdi. Chorshanbaga o‘tar kechasi, 21 yanvarda RF Ukrainaga qo‘shib olingan Qrim hududidan uchirilgan “Iskander-M” ballistik raketa bilan zarba berdi, shuningdek Shahed turidagi 97 ta hujumkor uchuvchisiz apparat, “Gerbera” hamda boshqa turdagi dronlardan foydalandi, deb xabar qildi Ukraina QK Havo kuchlari.

Foto: Vitaliy Nosach / RBK-Ukraina

Dronlar Kursk, Oryol, Rostov viloyatidagi Millerovo, Krasnodar o‘lkasidagi Primorsk-Axtarsk hududlaridan, shuningdek Qrimdagi Chauda burunidan va Rossiya egallab olgan Donetskdan uchirilgan. Ushbu dronlarning qariyb 70 tasi — Shahed turidagi dronlar. Ukraina havo mudofaasi bo‘linmalari mamlakatning shimoli, janubi va sharqida 84 ta dronni urib tushirgan yoki faoliyatini bostirgan. QK ma’lumotlariga ko‘ra, ballistik raketa hamda 13 ta hujumkor dron 11 ta nuqtada nishonga tekkan, shuningdek bitta joyda urib tushirilgan dron parchalari qulagan. Rossiya hujumi 21 yanvar ertalab va kunduz kuni ham davom etgan.

Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hujumi natijasida Dnipropetrovsk, Odessa, Zaporijjya va Xarkiv viloyatlarida elektr ta’minoti qisman uzilgan.

“Ukraina energiya tizimidagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Rossiyaning energetika infratuzilmasi obektlariga doimiy hujumlari oqibatlarini bartaraf etish davom etyapti. Energetiklarning ta’mirlash brigadalari va ‘Teplokommunenergo’ xodimlari tinimsiz ishlayapti”, — dedi energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov.

Uning aytishicha, Kiyev shahri va Kiyev viloyatida vaziyat sovuq ob-havo sabab yuzaga kelgan qo‘shimcha yuklama tufayli hali ham og‘ir. “Yorug‘lik va issiqlikni tiklash ishlariga boshqa viloyatlardan va ‘Ukrzaliznitsya’dan avariya brigadalari jalb qilingan. Taqsimlash tizimi operatorlari tarmoq cheklovlarini qo‘llashda davom etyapti, soatbay o‘chirish jadvallari vaqtincha amal qilmaydi”, — deb xabar qildi vazir o‘rinbosari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda suv ta’minoti tiklangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, doimiy Rossiya zarbalari oqibatida Kiyevda taxminan 4000 ta uy isitishsiz qolmoqda, binolarning qariyb 60 foizida esa elektr ta’minoti yo‘q. Zelenskiy maxsus “energetik selektor” yakunlari bo‘yicha, poytaxt va Kiyev viloyatidan tashqari eng og‘ir vaziyat Xarkiv shahri va viloyatida, shuningdek Sumi, Chernixiv va Dnipropetrovsk viloyatlarida kuzatilayotganini aytdi.

Odessa viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Oleg Kiper Telegram orqali Rossiya hujumi oqibatida bir kishi yaralanganini xabar qildi. “Kechasi dushman yana Odessa viloyati janubiga dronlar bilan ommaviy hujum qildi. Fuqarolik va sanoat infratuzilmasiga zarar yetdi. Afsuski, bir kishi jabrlandi. Odessa tumanida xususiy uy-joylarda shikastlanish va vayronalar bor. Mebel mahsulotlari saqlangan ombor binosi vayron qilindi”, — deb yozdi u.

Mavzuga oid