16:07 / 11.04.2019
5476

Chexiyalik milliarder 1 mlrd dollardan ortiq pulni tovlamachilik qilib o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda

Amerikaning Kingstown Capital Management LP xej-fondi va Chexiyaning Investhold Ltd kompaniyasi milliarder Radovan Vitekni sudga berdi. Ular milliarderni umumiy qiymati 1 mlrd dollardan ortiq ko‘chmas mulk borasida tovlamachilik qilishda ayblashmoqda.

«Vitek o‘zi boshqargan kompaniyalarning qiymati 1 mlrd dollardan ortiq ko‘chmas mulkini tortib olgan va noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan», — deyiladi Financial Times nashri iqtibos keltirgan da'vo arizasida.

Da'vogarlarning so‘zlariga ko‘ra, Vitek Lyuksemburgdagi ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadigan kompaniya ustidan boshqaruvni qo‘lga kiritish uchun soxta firmalar tarmog‘idan foydalangan.  

Vitekka qarashli CPI Property Group kompaniyasi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Forbes nashrining ma'lumot berishicha, Vitekning boyligi 3,5 mlrd dollarga teng bo‘lib, uning kompaniyasi Germaniya, Vengriya, Xorvatiya va Polshada ko‘chmas mulklarga egalik qiladi. Bundan tashqari, uning Shveytsariya Alpida uyi va  Karib dengizidagi Sen-Bartelemi orolida villasi bor.

Mavzuga oid
Top