Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy Yevropa Ittifoqining navbatdagi sanksiyalari Putinga yaqin shaxs - Viktor Medvedchuk, Voice of Europe nashri va uning xodimi Artem Marchevskiyga ta’sir qilishini ta’minlashga harakat qilmoqda. Bu haqda vazir 3 aprel, chorshanba kuni Bryusselga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qildi.
Chexiya hududida cheklov choralari kiritilgandan so‘ng, Praga milliy qonunchilikka ko‘ra, Yevropa Ittifoqi darajasida shunga o‘xshash taklifni kiritishi shart. «Bizning qonunimizda Yevropa darajasida sanksiyalar taklif qilishimiz kerakligi aytilgan. Demak, diplomatlarimiz hozir aynan shunday qilyapti. Va bu taklifimizga qanday munosabatda bo‘lishi faqat Bryussel institutlariga bog‘liq», - deya qo‘shimcha qildi Lipavskiy.
Chexiya Tashqi ishlar vazirligi sanksiyalar taklifi bo‘lgan dosega Medvedchuk va Ko.ning faoliyatiga oid dalillarni kiritgan. «Bu jinoiy jarayon emas, balki odatda ommaviy axborotga asoslangan profilaktika choradir. Lekin, albatta, bu holatda maxsus idoralarning biz ishonadigan ma’lumotlari ham bor, shuning uchun u Bryussel institutlari va YeIga taqdim etiladi. Biroq, bu ommaviy axborot emas», - deya ta’kidladi Lipavskiy va OAV vakillariga mavjud dalillarni oshkor etishdan bosh tortdi.
Ammo, agar sanksiya ostidagi shaxslar apellyatsiya berishga qaror qilsa, dalillar sudga standart tartib doirasida taqdim etiladi, dedi vazir.
Chexiya sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirishga tayyorlanmoqda
Rasmiy Pragaga ko‘ra, Medvedchuk «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va erkinligini buzish» maqsadida «RFdan Chexiya Respublikasida Rossiya ta’sirini boshqarishi» aytilgan. Medvedchuk o‘zining «operatsiyalarini» o‘tkazish uchun Artem Marchevskiy ishlaydigan Voice of Europe yangiliklar portalidan foydalanadi. Chexiya hukumati sayti xabariga ko‘ra, Marchevskiy va portal ham Chexiya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu ishning bir qismi sifatida Chexiya Tashqi ishlar vazirligi milliy hukumatga ro‘yxatga kiritish uchun bir qator yangi nomzodlarni taklif qilmoqda, ammo hozirgi bosqichda ular nomini ochiqlashdan bosh tortdi. «Aniqlik kiritmoqchimanki, biz bu odamlar tarmog‘iga boshqa qaysi davlatlar aloqadorligini aytmayapmiz va hech qanday ism-sharifni oshkor qilmayapmiz. OAVda ko‘p mish-mishlar bor, lekin bu haqda rasman aytilmagan», - dedi Yan Lipavskiy.
Uning ta’kidlashicha, Chexiya ushbu mavzu bo‘yicha targ‘ibot tarmog‘ining ishi ta’sir ko‘rsatgan YeI boshqa davlatlari bilan yaqindan muloqot qilmoqda, ammo «bu davlatlar o‘zi harakati qanday bo‘lishini va bu haqda qanday xabar berishini hal qilishi kerak».















