09:06 / 04.04.2024
2527

Chexiya TIV rahbari: YeI va NATOning Rossiyaga nisbatan strategiyasi yo‘q

Chexiya TIV rahbari DW nashriga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi va NATO Rossiyaga nisbatan strategiya, jumladan, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muhokamaga muhtoj. Yan Lipavskiy hozir bunday strategiya yo‘qligini xato deb hisoblaydi. 

Yan Lipavskiy Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

Shimoliy Atlantika alyansi ham, Yevropa Ittifoqi ham Rossiya Federatsiyasiga nisbatan strategiyaga ega emas, dedi Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy 3 aprel, chorshanba kuni Bryusselda DW muxbiri bilan suhbatda. «Na NATOda, na Yevropa Ittifoqida bizning Rossiyaga nisbatan strategiyamiz haqida umumiy bahs-munozara yo‘q. Menimcha, bu xato. Bizda shunday debat bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bunday muhokamada Ukrainadagi urush qanday tugashi kerakligini ham muhokama qilishimiz kerak», - deb ta’kidladi u. 

«Bizda bunday haqiqiy strategiya yo‘qligi sababli, mavjud bo‘lgan tamoyillarga amal qilishimiz kerak», dedi vazir Ukrainaning xalqaro chegaralaridagi suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyillarini, 1991 yil Budapesht memorandumini sanab o‘tib. U Ukraina davlati va xalqi Rossiya bilan kelajakda tinchlik o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan prinsipni alohida ta’kidladi. 

«Biz, G‘arb yoki yirik davlatlarning eng katta xatosi, Ukrainani jarayonda ishtirok etishga taklif qilmasdan turib, unga yechimni majburlash bo‘ladi. Ular o‘zlarini xiyonatda qolgandek his qiladi, bu Yevropada barqaror va adolatli tinchlik va xavfsizlikka olib kelmaydi», - deydi Yan Lipavskiy. 

Muzlatilgan mojaro Yevropaga tinchlik keltirmaydi 

Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi parlament fraksiyasi raisi Rolf Myutsenix tomonidan qayta-qayta aytilgan holat - Ukrainadagi mojaroni muzlatish taklifi haqidagi savolga Lipavskiy shunday javob berdi: «Mojaroni muzlatish haqida eshitganimdan xursand emasman, chunki Ukrainada mojaro 2014 yildan beri muzlatilgan va hozirgi urush shunchaki 2014 yilda boshlangan muzlatilgan mojaroning davomi. Demak, mening fikrimcha, bu Yevropa qit’asida adolatli va mustahkam tinchlikka olib kelmaydi».

Uning fikricha, Ukrainadagi urush bundan ham kattaroq muammo - Rossiya imperializmining oqibati. «Asl muammo shundaki, Kreml rahbari kuch bilan hududning bir qismini egallab: «Bu meniki», deb e’lon qilishi mumkin», - deydi vazir. U Moskvaning Qrim, Gurjiston, Dnestrbo‘yidagi xatti-harakatlarini eslatib, Rossiya propagandasi allaqachon Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha va hatto Chexiyani nishonga olganini ta’kidladi: «Shuning uchun Yevropa, YeI, Chexiyani himoya qilishimiz kerak, shunchaki muzlatishga intilish ham xavfsizlikka olib kelmaydi. Lekin men hech qanday ssenariyni istisno qilmayman, albatta, ko‘p narsa bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Top