15:36 / 27.04.2019
9768

Superliganing 7-tur taqvimida ham o‘zgarish ro‘y berdi

Superliganing 7-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» – «Metallurg» o‘yini avval belgilanganidek 3 may sanasida emas, 1 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Bu o‘zgarish «Paxtakor»ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki bilan bog‘liq. Jamoa 6 may kuni guruh bosqichining 5-turida Eronning «Persepolis» klubini qabul qiladi.

Shu munosabat bilan «Paxtakor» «Metallurg»ga qarshi o‘yinni ikki kun oldinga surishni so‘rab, PFLga murojaat qilgan. Klub rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, «Metallurg» ham o‘yinni 1 mayda o‘tkazishga qarshi emasligini bildirgan.

«Xalqaro maydonda o‘yin o‘tkazadigan klubning tayyorgarligiga yetarlicha vaqt bo‘lishi uchun PFL mazkur bahsni 1 may sanasiga ko‘chirish so‘roviga ijobiy javob berdi», - deya tushuntirilgan PFL rasmiy saytida.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, «Paxtakor»ning OChL guruh bosqichida qatnashishi 19 fevralda aniq bo‘lgan, bir haftadan so‘ng - 26 fevralda PFL Superliganing birinchi davra taqvimini e'lon qilgan edi. Bundan ko‘rinadiki, «Paxtakor»ning xalqaro o‘yin uchun «tayyorgarligiga yetarlicha vaqt bo‘lishi», boz ustiga bu guruh bosqichining hal qiluvchi so‘nggi turlaridan biri ekani PFL tomonidan taqvim tuzilayotgan paytda inobatga olinmagan.

Qayd etish kerak, O‘zbekistonning OChLda ishtirok etayotgan yana bir klubi «Lokomotiv» 5-turni 7 may kuni Abu-Dabida «Al-Vahda»ga qarshi o‘tkazadi. «Temiryo‘lchilar» bundan 4 kun oldin – 3 mayda vodiyga safar qilib, «Qo‘qon-1912» mehmoni bo‘ladilar. Ikkala o‘yinini ham o‘z maydonida o‘tkazadigan «Paxtakor»dan farq o‘laroq, ikkala o‘yinini ham safarda o‘tkazadigan «Lokomotiv» ichki chempionat o‘yinini ko‘chirishni so‘rab murojaat qilgan-qilmagani hozircha noma'lum.

Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston chempionatida 6-tur davom ettiriladi. Avvalroq taqvimda bo‘yicha bugun bo‘lib o‘tishi belgilangan o‘yinlar orasidan «Surxon» — «Andijon» uchrashuvi Surxondaryo viloyati hokimligi iltimosi bilan ikki kunga kechiktirilgan edi.

SUPeRLIGA, 6-tur
27 aprel, shanba
18:30 Metallurg — Qo‘qon-1912
19:35 Lokomotiv — Qizilqum 
19:35 So‘g‘diyona — Paxtakor
29 aprel, dushanba
17:30 Surxon — Andijon

SUPeRLIGA, 7-tur
1 may, chorshanba

18:30 Paxtakor — Metallurg
3 may, juma
18:20 Qo‘qon-1912 — Lokomotiv
4 may, shanba
17:30 Navbahor — So‘g‘diyona
19:45 Buxoro — Nasaf
5 may, yakshanba
17:20 Andijon — Dinamo
17:30 OKMK — Surxon 
19:45 Qizilqum — Bunyodkor

OChL. Guruh bosqichi, 5-tur
6 may 20:00. Paxtakor – Persepolis
7 may 23:00. Al-Vahda – Lokomotiv

Mavzu
Superliga
8 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yangi mavsumiga - Superliga-2019 turniriga start berildi
Barchasi
Top