16:49 / 02.05.2019
5171

Bojxonachilarga yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 29.04.2019 yildagi 364-son qarori bilan bojxona organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ), DBQning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmalari, «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, bojxona postlari, Oliy harbiy bojxona instituti, shuningdek Milliy kinologiya markazi bojxona organlaridir. Binobarin, hujjat ushbu tuzilmalar xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
 
Bojxona xizmati xodimlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash – «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonun bilan nazarda tutilgan ularni ijtimoiy himoya qilish turlaridan biri. Bojxonachining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan taqdirdagina qoplanadi. Bunda u nafaqat uning shaxsiy mol-mulki, balki yaqin qarindoshlari: ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri, xotini, farzandlari, shuningdek eri, xotinining ota-onasi, aka-ukasi va opa-singlisining mol-mulki ham bo‘lishi mumkin.
 
Hujjat qoidalari bojxona xizmati organlaridan pensiyaga chiqarilgan shaxslarga ham, agar zarar ularning mol-mulkiga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
 
Yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalalarini DBQ markaziy apparatida, viloyat bojxona boshqarmalarida, «Toshkent-AERO» IBK, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazida tuziladigan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi komissiyalar ko‘rib chiqadi.  
 
Yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash maqsadida jabrlangan shaxs bojxona organi rahbariga bildirgi, uning qarindoshlari esa ariza beradi. Murojaat shu kunning o‘zida kadrlar xizmatiga yo‘naltiriladi. Kadrlar xizmati 3 kun muddatda komissiyaga bildirgi (ariza), mol-mulkka zarar yetkazilgan holatlar bo‘yicha tekshiruv xulosasi va yetkazilgan zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
 
Komissiya hujjatlarni olgan kundan boshlab 15 kun muddatda ko‘rib chiqadi.
 
Yetkazilgan zarar miqdori baholash tashkilotini jalb qilgan holda, jabrlangan shaxsning ishtirokida, amaldagi bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Yetkazilgan zarar miqdori quyidagi shaklda qoplanishi mumkin: naqd pul ko‘rinishida yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan, natura shaklida, teng qiymatdagi mulkni berish, uni ta'mirlash ko‘rinishida va b. To‘lovlar bojxona organlarining moliya-iqtisodiyot xizmatlari tomonidan komissiyaning tegishli qarori chiqarilgan paytdan boshlab 10 kun ichida amalga oshiriladi.
 
Yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va keyinchalik aybdor shaxsdan sud tartibida undirib olinadi.
 
Hujjat 30.04.2019 yildan kuchga kirdi.

Top