8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

17:47 / 03.05.2019 11674

Saragi sarakka, puchagi puchakka - kuchli beshlikda mavsum yakunlanmoqda. Hafta o‘yinlari anonsi

Bu safar anonsni biroz boshqacha tayyorladik, zero ayni palladan boshlab uchrashuvlarning afishasiga emas, turnir jadvaliga qarab tavsiya etamiz. Bu pallada ba'zi top-jamoalar o‘z maqsadlariga erishib yoki erisholmay, kelasi mavsum uchun tayyorgarlikni boshlashadi, yosh o‘yinchilarga imkon berishadi, boshqa jamoalar uchun esa, ochkolar suv va havodek zarur bo‘ladi. Bu pallada yulduzli «Everton»dan ko‘ra, «Brayton» xavfliroq raqibga aylanib qoladi. Demak, kuchli beshlikdagi asosiy intrigalar haqida.

ISPANIYa

Mavsum tugashiga 3 tur qoldi va bu yerda dastlabki uch o‘rin sohiblari ham, chempion ham aniq bo‘lib ulgurdi. Lekin La Ligada intriga butunlay tugadi, deb aytish qiyin. Zero, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun beriladigan 4-o‘rin uchun kurash va shuningdek, ligada o‘z o‘rnini saqlab qolishga harakat qilayotgan autsayderlar o‘rtasidagi raqobat ham davom etyapti.

Nazariy tomondan «Atletik»da ham imkoniyat bo‘lsa-da, YeChL yo‘llanmasi uchun amalda uch jamoa – «Xetafe», «Sevilya» va «Valensiya» kurash olib borishmoqda. «Valensiya» 52, ya'ni raqiblaridan uch ochko kamroq jamg‘argan. «Sevilya» bugun, 3 may kuni (23:55) o‘z maydonida «Leganes»ni qabul qilsa, yakshanba kuni soat 15:00da «Xetafe» Madridda «Jirona» bilan kuch sinashadi. «Valensiya» esa yakshanba kuni «Ueska» mehmoni bo‘ladi. O‘yin soat 23:45da boshlanadi.

Qizig‘i, 4-o‘rin uchun kurashayotgan har uch jamoaning raqibi Ligada qolish uchun raqobat qilayotgan jamoalardir. «Leganes» 42 ochko to‘plab, xavfli zonadan yetarlicha uzoqlashdi va qolgan uch turda 2 ochko olsa kifoya. «Ueska» esa aksincha, 31 ochko bilan turnir jadvalida eng oxirgi pog‘onada bormoqda va birgina o‘yinda ochko yo‘qotsa, rasman La Liga bilan xayrlashadi. «Xetafe» mehmoni bo‘ladigan «Jirona» esa, «Valyadolid»dan 2 ochkogina ko‘p jamg‘argan holda 16-o‘rinni egallab turibdi. Demak, kataloniyaliklar uchun har bir ochko suv va havodek zarur bo‘ladi.

Mana shu uch o‘yin, hamda «Valyadolid»ning «Atletik»ka qarshi o‘yini so‘nggi turlar oldidan turnir jadvalidagi holatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi va har ikki kurashdagi favoritlarni aniq belgilab beradi.

ANGLIYa

Angliyadagi bu yilgi chempionlik raqobati ajoyib kechmoqda. 90dan ko‘p ochko jamg‘arib ham sovrinsiz qolish holati APL tarixida birinchi marta ro‘y beradigan bo‘ldi. Parallel ravishda o‘z o‘yinlarini yutib kelayotgan «Manchester Siti» va «Liverpul» shunday o‘ynashda davom etsa, o‘rtadagi 1 ochkolik farq saqlanib qoladi va Gvardiola jamoasi qatorasiga ikkinchi marta mamlakat chempioniga aylanadi. Angliyada bunday holat, ya'ni ikki mavsum ketma-ket chempionlikka erishish 2009 yildan beri ro‘y bermayotgandi. «Liverpul» bu turda «Nyukasl» mehmoni bo‘lsa, «Manchester Siti» «Lester»ni qabul qiladi.

«Liverpul» 2013 yilda «Nyukasl» mehmoni bo‘lgan va 6:0 hisobida g‘alaba qozongan. Buni esdan chiqarmaslik kerak, chunki bugungacha ushbu g‘alaba «qizillar»ning «Sent Jyeyms Park»dagi so‘nggi g‘alabasidir. Shundan keyingi o‘yinlar ikki marta durang va ikki marta mezbonlar g‘alabasi bilan tugagan. Demak, bu safar ham Klopp shogirdlariga oson bo‘lmasligi tayin. Zero, «Kamp Nou»da qiyin o‘yindan qaytgan «Liverpul» jismoniy tomondan ham raqibiga boy berishi mumkin. Agar bu o‘yinda mehmonlar ochko yo‘qotadigan bo‘lishsa, chempion nomi rasman shu turda, «Manchester Siti» – «Lester» o‘yinida ham aniqlanishi mumkin.

Yana bir kurash YeChL yo‘llanmasi, ya'ni 3-4 o‘rinlar uchun bormoqda. To‘rt jamoa nazariy tomondan imkoniyatga ega. «Tottenhem» (70 ochko) katta ehtimol bilan to‘rtlikda qoladi, «Manchester Yunayted» (65) shuncha ehtimol bilan chetda qolib ketadi. Mos ravishda 68 va 66 ochkodan to‘plagan «Chelsi» va «Arsenal» esa, so‘nggi yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Qizig‘i, mana shu ikki jamoa Yevropa Ligasi finaliga chiqishga ham yaqin turibdi. Final g‘olibi esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Demak, APLda yengilgan jamoa Yevropa Ligasini yutsa, bu yil ham YeChLda APLdan besh jamoa ishtirok etishi ehtimoli bor.

Ligani ikki jamoa rasman tark etib bo‘lgan. Uchinchisi «Brayton» va «Kardiff»dan biri bo‘ladi. Bu yerda ham qiziq holat vujudga kelgan. «Brayton» raqibidan 4 ochko ko‘p ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, jamoa oxirgi ikki turda «Arsenal» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadi, ya'ni bu o‘yinlarda 1 ochko qo‘lga kiritish ham juda qiyin. «Kardiff» esa, bu turda «Kristal Pelas»ni yengish orqali raqibiga yaqinlashib olishi mumkin. Katta ehtimol bilan bu kurash ham so‘nggi turgacha davom etadi.

ITALIYa

A Seriyada navbatdagi mavsum tugashiga 4 tur qolganda YeChLning so‘nggi yo‘llanmasi uchun birato‘la 5 jamoa navbatda turibdi va aynan mana shu raqobatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadigan bir qator o‘yinlar 35-turda bizni kutmoqda.

Birinchisi, Turin derbisi. Olti o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan va o‘tgan turga «Milan»ni ishonchli tarzda taslim etgan «Torino» 4-o‘rindan uch ochko ortda bormoqda. Xo‘sh, allaqachon chempionlik masalasini hal qilgan «Yuventus» hamshaharlariga yo‘l beradimi yoki azaliy raqobat qo‘shimcha intriga yaratib, «Torino»ni bu kurashdan uloqtirib tashlaydimi?

Ikkinchisi, Rimda, «Latsio» va «Atalanta» o‘rtasida kechadi. «Atalanta» so‘ngi turlarni barqaror o‘tkazib, 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi va jamoa hisobida 59 ochko bor. «Roma»da 58, «Torino» va «Milan» hisobida 56tadan ochko mavjud. Bu o‘yin «Latsio» uchun so‘nggi imkoniyat – rimliklar g‘alaba yordamida ochkolar sonini 58taga yetkazishlari va «Atalanta»ga yaqinlashib olishlari mumkin. Boshqacha natija esa, rimliklarni nafaqat Chempionlar Ligasi umididan, balki Yevropa Ligasi yo‘llanmasidan ham mahrum qilishi mumkin.

«Kevo» rasman, «Frozinone» esa amalda A Seriyani tark etib bo‘lgan. 18-o‘rin atrofida «Empoli» va «Udineze» joylashishgan va ligada qolish uchun kurash aynan shu ikki jamoa o‘rtasida kechadigan ko‘rinadi. Ertaga soat 23:30da bo‘lib o‘tadigan «Udineze» – «Inter» o‘yini ham tavsiya qilinadi, zero «Inter» ham o‘zini butunlay xavfsiz his qila olmaydi. 62 ochko to‘plagan Spalletti shogirdlari bir mag‘lubiyat bilan pastdagi «eshelon»ni o‘ziga juda yaqin keltirib qo‘yishi mumkin.

Demak, A Seriya hali tugamadi va shiddatli bahslarni tomosha qilishda davom etamiz.

GeRMANIYa

«Borussiya»ning derbidagi mag‘lubiyatidan «Bavariya» foydalana olmadi va Kovach shogirdlari Nyurnbergda durang o‘ynab, o‘rtadagi farqni oshira olishmadi. Bu esa, Bundesligada chempionlik savoli so‘nggi turlargacha davom etishi mumkinligini anglatadi. 32-turda «Bavariya» Bundesligani allaqachon tark etgan «Hannover»ni qabul qilsa, «Borussiya» «Verder» mehmoni bo‘ladi. «Verder» uchun turnir motivatsiyasi deyarli qolmagan, jamoa jadvalning o‘rtalarida, xavfsiz hududda joylashgan bo‘lsa-da, peshqadamlar, ayniqsa, «Borussiya» bilan o‘yinlarda bremenliklar juda keskin qarshilik ko‘rsatishadi. So‘nggi ikki yilda bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda 4:3 va 3:3 hisoblari qayd etilgani ko‘p narsani anglatadi.

Chempionlikdan tashqari, bu yerda ham YeChL o‘rinlari uchun kurash qizg‘in ketmoqda. Dastlabki uch o‘rin sohibi aniq, oxirgi yo‘llanma uchun esa, birato‘la besh jamoa da'vogarlik qilyapti. E'tiborga molik jihati, shu besh jamoaning to‘rttasi shu turda bir-biri bilan to‘qnash keladi. Menxengladbaxning «Borussiya»si o‘z maydonida «Hoffenhaym»ni qabul qilsa, «Ayntraxt» Leverkuzenda «Bayyer» mehmoni bo‘ladi. Boshqa tarafdan YeChL uchun kurashayotgan nemis jamoalarining rostan ham o‘sha turnir uchun salohiyatini ham qayta ko‘rib chiqishmasa bo‘lmaydi. Masalan, YeChLda guruh bosqichidan o‘tishni uddalagan «Shalke» ichki frontda muammolarga duch keldi va Bundesligani tark etuvchi xavfli zonaga tushib ketishiga sal qoldi. Chempionlar Ligasidagi 0:7 hisobidagi mag‘lubiyat ham aslo Bundesliganing obro‘sini ko‘tarmaydi, albatta.

BOShQALAR

Bundan tashqari, keyingi o‘rinlardagi chempionatlar ham yakuniga yetib bormoqda. Ba'zi chempionatlarda kurash qizg‘in pallaga kirgan, ba'zilarida sovrindorlar rasman aniqlanib bormoqda.

Fransiyada o‘rinlar deyarli taqsimlangan, faqat «PSJ» ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarini qanday oqlashi qiziq. Jamoa so‘nggi 6 o‘yinida 3 bor mag‘lub bo‘ldi va 2 bor durang o‘ynadi.

Rossiyada «Zenit» shu hafta chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin. Buning uchun Tulaga «Arsenal» qarshi o‘yin uchun safar qiladigan «Lokomotiv» ochko yo‘qotishi, piterliklar esa Grozniyda g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi.

Turkiyada «Beshiktosh» va «Galatasaroy» o‘rtasida Istanbul derbisi bo‘lib o‘tadi va bu o‘yin ko‘proq shaharning boshqa jamoasi «Istanbulspor»ga qo‘l kelishi mumkin. «Boshoqshehirliklar» asosiy raqiblarining o‘zaro o‘yinidan foydalanib, turnir jadvalida peshqadamlikni yanada mustahkamlab olishlari mumkin.

3 may
«Yuventus» – «Torino» (23:30), «Sevilya» – «Leganes» (23:55)
4 may
«Bornmut» – «Tottenhem» (16:30), «Bavariya» - «Hannover» (18:30), «Borussiya» M – «Hoffenhaym» (18:30), «Axmat» – «Zenit» (18:30), «PSJ» – «Nitssa» (20:00), «Arsenal» – «Lokomotiv» (21:00), «Verder» – «Borussiya» D (21:30), «Udineze» – «Inter» (23:30), «Nyukasl» – «Liverpul» (23:45), «Selta» – «Barselona» (23:45).
5 may
«Xetafe» – «Jirona» (15:00), «Chelsi» – «Uotford» (18:00), «Latsio» – «Atalanta» (18:00), «Haddersfild» – «Manchester Yunayted» (18:00), «Real» – «Vilyarreal» (19:15), «Arsenal» – «Brayton» (20:30), «Bayyer» – «Ayntraxt» (21:00), «Jyenoa» – «Roma» (21:00)
6 may
«Milan» – «Bolonya» (23:30), «Manchester Siti» – «Lester» (23:55).

Top