8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

17:00 / 09.05.2019 20902

Bu qanday sodir bo‘ldi? APLning qaytishi haqida mulohazalar

Yevropa Chempionlar Ligasi finalchilari ma'lum bo‘ldi, bir rus sharhlovchisi aytganidek, iyun oyining boshida Angliya Premer-ligasining 39-tur o‘yini bo‘lib o‘tadi. Aslida, agar Yevropa Ligasi yarim finallaridagi holatdan kelib chiqsak, 40-turga aylanib ketishi ham mumkin final.

Bir paytlar La-Korunyaga 4:1 hisobidagi ustunlik bilan tashrif buyurgan Karlo Anchelottining «Milan»i 0:4 hisobida yutqazganida, murabbiy ilk o‘yinda minimal hisobda yutsak bo‘larkan, degandi. Xuddi shunday holatga milanliklar 2005 yilgi finalda ham tushishgan va bu safar Anchelotti indamagan. Boshqalar o‘sha bir yil oldingi «Deportivo»ni eslashgan. Harri Rednapp boshqaruvidagi «Tottenhem» birinchi bo‘limdayoq «Manchester Yunayted» darvozasiga javobsiz uch gol uradi. O‘yin 3:5 hisobida yakunlangach, jurnalistlarning savoliga murabbiy «biz uchinchi golni urmasligimiz kerak edi», deb javob beradi. Bir qaraganda kulgili ko‘ringan bu asoslarda aslida jon bor. O‘yin ruhiyati va ssenariysi ba'zida har qanday taktika-yu rejalardan ustun turadi.

Yarim finallardagi javob o‘yinlardan oldin bo‘lib o‘tgan dasturlardan birida Xayrulla Hamidov «Liverpul»ning vazifasi «Tottenhem»nikidan birmuncha osonroq ekanini aytgandi. Sababi, «qizillar» qarshisida nima bo‘lgandayam biroz bo‘shashgan, finalga chiqqaniga ishonib yuborgan jamoa bo‘ladi, «Ayaks» esa, ustunlikdan qat'i nazar, o‘z imkoniyatini pastroq chamalay oladi, bor kuch bilan o‘ynay oladi. Qizig‘i, xuddi o‘sha qopqonga yakunda amsterdamliklar baribir tushishdi -  birinchi bo‘limni umumiy 3:0 hisobidagi ustunlik bilan tugatgan mezbonlar o‘zlarini finalda ko‘ra boshlagandek bo‘lishgandir. 45 daqiqa esa, burilish yasash uchun juda ko‘p vaqt.

Biz shu paytgacha «Ayaks»ning irodasiga tan berib keldik. Niderlandiyaliklar «Yuventus» bilan ham, «Real» bilan ham, umumiy hisobda ortda qolayotib, yakunda g‘alabani ilib ketgandilar.

Ammo haqiqiy iroda ko‘proq kecha talab qilingandi. Haqiqiy bosim ilk marotaba kecha «Ayaks» qarshisida edi. Chunki avvalgi o‘yinlarda hech kim ulardan burilish yasashni kutmagan, raqib statusi ham, natija ham katta umidni taqozo qilmasdi. «Ayaks» shunchaki futbol o‘ynash, zavq olish uchun maydonga tushdi va g‘alaba qozondi.

Qisqasi, niderlandiyaliklar avvalgi o‘yinlarda birovniki bo‘lgan narsani tortib olishga urinishgandi. Kecha esa, aksincha, dastlabki o‘yindagi natija sababli, endi o‘zlariniki bo‘lgan narsani olib qolish uchun kurashish talab etilardi. Buning bosimi ming marotaba kattaroq, albatta. Sovuqqonlikni saqlash osonmas. Tajriba ham, ruhiyat ham, xarakter ham ko‘proq shu paytda kerak ediki, yosh jamoa pand yedi.

Bo‘ldi. Aslida maqola bu haqida emas, ingliz klublarining yana Yevropa maydonlariga qaytgani haqida. O‘tgan yili oldin YeChL tarixida ilk marotaba bir davlatdan besh jamoa ishtirok etdi va besh jamoa ham nimchorak finalga yo‘llanma oldi. 2012 yildan beri ilk marotaba APL jamoasi finalda o‘ynadi. Bu mavsumda esa, Angliyadan to‘rt jamoa chorak final ishtirokchisiga aylandi. Tarixda ikkinchi, 2008 yildan beri birinchi marta inglizcha final ko‘ramiz. Buning ustiga, Yevropa Ligasida ham London derbisi bo‘lish ehtimoli yuqori. Nima bo‘lyapti, APL gegemonligi qaytmoqdami? Bu holatga nimalarning evaziga erishildi?

RAQIBLAR

2007-2009 yillar oralig‘ida qatorasiga uch yil davomida uchtadan ingliz jamoasi YeChL yarimfinalidan joy oldi. Top-4 ning Yevropadagi haqiqiy gegemonlik davri Messi va Gvardiolaning Kataloniyada, Ronalduning Madridda paydo bo‘lishi bilan intiho topdi. Ispaniya grandlari o‘rtasidagi ichki raqobat plankani u qadar baland ko‘tardiki, o‘yin borasida faqat «Bavariya»gina ularga tenglasha oldi va mana shu uch klub YeChLning doimiy favoritlari va yarim finalchilari bo‘lib qoldilar.

Bugunga kelib, bu jamoalarda sezilarli pasayish ro‘y berayotganini ko‘ryapmiz. «Bavariya»da yildan yilga top-futbolchilarning yoshi o‘tib bormoqda, ularning o‘rnini trenddagi yulduzlar bilan to‘ldirishga esa, doim pullarni tejab ishlatadigan klub raqobatbardosh bo‘la olmayapti. Yangi murabbiy qo‘l ostida myunxenliklar so‘nggi yillardagi eng beqaror mavsumni o‘tkazishdi. «Real»ning muammolari ma'lum. Jamoa o‘tish davrida va o‘z yo‘lini belgilash bo‘sag‘asida turibdi. Bir yilda uchinchi murabbiy ishlayotgan klubdan bu yil katta natijalarni kutish noto‘g‘ri bo‘lardi.   

Bir qaraganda benuqson ko‘ringan «Barselona»da ham hammasi besh emasligini ko‘rdik. Bir rus sharhlovchisi haq - dunyoning eng zo‘r klubi ikki yilda ikki marta 3 gol ustunligini qo‘ldan chiqarmaydi. «Barselona»ning muammolari ikki faktor tufayli e'tiborsiz qoldi. Birinchisi, Messining ajoyib o‘yinlari. Argentinalik hujumchi bu yili necha marta individual mahorati tufayli jamoasiga ochko olib kelib, o‘yinlarni qutqarib qolganining sanog‘i yo‘q. Ikkinchisi, La Ligadagi raqobat. «Real»ning bu holati natijasida, «Barselona»ga munosib qarshilik qiladigan jamoa bo‘lmadi, bu esa, o‘z navbatida Valverde jamoasidagi kurashuvchanlik hissini pasaytirgani tabiiy. La Ligada 2009 yildan beri birinchi marta chempion 90 ochkodan kam to‘playapti. Buni biz ispan klublarining kuchaygani bilan ham izohlashimiz mumkin, ammo aslida, aynan chempionlik poygasida raqobat yo‘qligi «Barselona»ning biroz bemalol bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi.

«Yuventus»ning kamchiliklari haqida ham o‘tgan safar yozgandik. Bu bilan ingliz klublarining sanalgan jamoalardan ustun, demoqchi emasman. Shunchaki, Yevropada yaqin yillardagi kabi, mukammal mexanizmda ishlaydigan o‘ta kuchli jamoalar qolmaganini aytmoqchiman. Bu ham yangi muvozanatlarni yaratdi, albatta.  

MURABBIYLAR

Ingliz klublari shu darajaga tushib qolgandilarki, 0:3 hisobini g‘alabaga aylantirish tugul, Yevropaning top klublariga qarshi shunchaki, imkoniyat haqida o‘ylash ham imkonsiz bo‘lib qolgandi. Esingizda bo‘lsa, xuddi shu «Liverpul» Madridga ikkinchi tarkib bilan kelgan. Brendan Rojyers baribir «Real»ga qarshi imkoniyat yo‘qligini tan olib, shu yo‘lni tutgandi. Yoki ikki yil oldingi «Tottenhem»ni eslang. «Shalke» bilan o‘yindagi g‘alaba ularni pley-offga olib chiqishini bilsa-da, Pochettino ba'zi yetakchi futbolchilarini «Chelsi»ga qarshi APL o‘yiniga asragan. Yo‘q, bu yerda gap APLga e'tibor kuchliroq bo‘lgani uchungina emas, ishonch yo‘qligida hamdir. Angliyada pullar kattalashgan sari, xarajatlar samarali bo‘lishi haqida ham o‘ylay boshladilar va nihoyat eng muhim faktor - murabbiylarga e'tibor kuchaydi. Bu juda muhim qadam edi.

Pep Gvardiola, Yurgen Klopp, Joze Mourino, Antonio Konte, Lui van Gaal, Arsen Venger, ularning orqasidan Maurisio Pochettino, Maurisio Sarri... Dunyo miqyosida top nomiga munosib bu murabbiylar aynan Angliyada ishlashdi va ishlashmoqda. Bu esa, albatta, mamlakat futboliga tubdan ta'sir qilishi, inglizlar oddiy «yugur-tep» uslubidan uzoqlashishlariga sabab bo‘lishi tabiiy.

Yana bir eng muhim jihat shundaki, Angliyada murabbiylar nafaqat murabbiy, balki tom ma'noda menejyerga aylanadi. Faqat jamoani shug‘ullantirish va o‘yinlarga tayyorlash emas, klub siyosatini belgilashda, transferlar amalga oshirilishida oxirgi so‘z murabbiylarda qoladi. Ingliz klublari rahbarlari avval, o‘z siyosati va ambitsiyalariga mos murabbiyni tanlab, keyin uning ortidan ergashish, mablag‘ bilan ta'minlash, muhim qarorlarda esa, chetda turishni ma'qul ko‘radi. Shuning uchun ham Peres yoki «Bavariya» faxriylari bilan bog‘liq mashmashalarning o‘xshashi bu yerda kuzatilmaydi hisob. E'tibor bersangiz, murabbiyni keyingi planga qo‘yishga harakat qilgan yoki ba'zi talablariga panja ortidan qaragan klublar - «Chelsi» va «Manchester Yunayted»da muammolar kuzatildi va davom etmoqda. Bor ixtiyorni va resursni murabbiyning g‘oyalariga ishonib topshirgan «Siti» va «Liverpul»da esa, vaziyat boshqacha.

USLUB

2010 yillargacha bo‘lgan davrda inglizlar o‘z uslubi va o‘ziga xosligi bilan Yevropaga qarshi turuvchi bir kuch sifatida mavjud edi. Yovvoyi tezlik, yuqori temp, standart vaziyatlar, bosh bilan o‘ynash, jismoniy tayyorgarlik nisbatan yuqori bo‘lgan inglizlar deyarli bir xil o‘yin ko‘rsatishar, faqat Vengerning «Arsenal»i biroz farqli edi.

«Barselona»ning urfga kirishi, ortidan butun Yevropada sodir bo‘lgan kichik inqilob, ya'ni ispancha futbolning keng yoyilishi ingliz jamoalariga pand berdi. Endi Yevropa jamoalariga qarshi inglizlar qiynala boshladilar, masalan, Belsa 2012 yilda oddiy «Atletik» bilan Angliya grandlariga dars berganini eslang. Qaysarlik bilan o‘z britancha uslubiga sodiq turgan APL jamoalari orada ko‘p narsa yo‘qotishdi.

Hozir vaziyat o‘zgardi. Yuqorida aytilganidek, top-murabbiylarning kelishi Angliya futboli uslubiga ham ta'sir qildi. Hozir ham britancha o‘yin shaydolari haqiqiy futbol Chempionshipda deb, norozi bo‘lib yurishlari bor gap, ammo Yevropa Chempionlar Ligasining nufuzi shu qadar ortdiki, endi Yevropa trendlari bilan hisoblashish shart, u yerda kuchli bo‘lmasdan turib, butun dunyo bo‘ylab muxlis orttirishning iloji yo‘q. Marketing.

Endilikda, nafaqat top-6 jamoalari, balki o‘rtamiyonalarda ham Pellegrini, Silva, Grasiya kabi murabbiylar ishlashmoqda va sof britancha futbolga sodiq qolgan jamoalar asta-sekin chetga chiqishyapti. Oddiy APL o‘yinini ko‘rib, endilikda Ispaniya yoki Germaniyadagi o‘yinlardan keskin farqni uchratmaysiz.

Shu bilan birgalikda, britancha futbol ustunliklari ham saqlanib qolayotganini e'tirof etish kerak. Pep Gvardiola ilk mavsumida muvaffaqiyatsizlikka uchragan va buning sababi sifatida, «shogirdlari egasiz to‘plarni (podbor) yutishda muammolarga duch kelayotganini, Angliyada busiz biror natijaga erishish qiyinligini» aytgandi. Baribir o‘z uslubiga sodiq qolishini bildirgan Pep, baribir ingliz futboli bilan hisoblashishga majbur bo‘ldi. Jamoa o‘yiniga britancha futbol elementlari ham qo‘shildi. Umuman olganda, Yevropa futboli xarakter, tezkorlik, jismoniy tayyorgarlik kabi ingliz jamoalari fazilatlari bilan yo‘g‘rilgan holda, yanada takomillashdi, deyish mumkin.

Bu ham Yevropa kuboklaridagi raqiblarga qarshi samarali bo‘lish, moslashishda ahamiyatlidir. Angliyada barchani yer tishlayotgan jamoalarning «Atletik», «Vilyareal», «Borussiya», «Napoli» kabi jamoalarga qarshi ham hech narsa qila olmay qolishlari endi kuzatilmayapti. 

FUTBOLChILAR

Yevropa va ingliz futboli gibridlashganda, tabiiyki, ijrochilarga ehtiyoj seziladi. Argentinalik yoki braziliyalik yulduzlarda inglizcha xarakterni shakllantirishdan ko‘ra, ingliz futbolchisiga braziliyacha o‘ynashni o‘rgatish osonroq, albatta. Jamoalarda kuchli murabbiylar ishlashi, boshqaruv siyosatidagi to‘g‘ri yo‘nalishlar o‘z navbatida, mahalliy futbolchilarning yetishib chiqishida muhim rol o‘ynaydi.

2010-yillardan keyin Italiya futboli moliyaviy inqirozga uchradi. «Inter», «Milan» kabi jamoalar yulduzlardan ayrilib, e'tiborni arzon ichki bozorga qaratishga majbur bo‘lishdi. Natijada o‘sha yillari mamlakatda juda ko‘p yangi nomlar paydo bo‘lgani, Antonio Konte Yevro-2016 turniriga tayyorlanish paytida, oltmishdan ortiq futbolchini ko‘zdan kechirgani yodingizda bo‘lsa kerak. Muammo shunda ediki, bu futbolchilar «Milan» yoki «Yuventus» safida o‘ynab, mamlakat miqyosida yulduz bo‘lganliklari bilan, agar Yevropada kuchga aylanishmasa, tom ma'noda yulduz bo‘la olmaydilar, terma jamoa kuchaymaydi. Ana endi, Italiya futboliga investitsiya kirib keldi, «Inter», «Roma», «Milan» ham pul sarflay boshladi, ichki chempionatda raqobat oshdi. Natijada, Italiya futbolida tom ma'nodagi yulduzlar chiqishni boshladi.

Angliyada xuddi shu jarayonning teskarisi bo‘lgan. Avvaliga top-klublar paydo bo‘ldi va tabiiy holatda, ularning e'tibori arzonroq bo‘lgan tashqi bozorga qaratildi. Top-klublar safida birorta ham ingliz futbolchisi bo‘lmagan, AFA esa, terma jamoa manffatlari uchun qandaydir limitlar joriy qilish dardida yurgandi. To‘g‘ri boshqaruv siyosati tufayli, bu muammoga qisman barham berildi. Ingliz futbolchilari limit tufayli emas, o‘sha kuchli legionerlarni raqobatda yutib chiqa boshladilar. Hozirda top-klublarda to‘p surayotgan Sterling, Uoker, Stounz, Henderson, Gomis, Shou, Lingard, Loftus Chik, Keyn, Alli, Tripe, Dayyer kabi futbolchilar o‘z jamoalarida muhim rolda. Aleksandr-Arnold, Foden, Odoyi, Reshford kabi yoshlar ham keyingi davr yulduzlari bo‘lishlari hozirdan ma'lum. Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon va Yevropa chempionatlaridagi g‘alabalar, asosiy terma jamoaning mundialda yarim final ishtirokchisi bo‘lishi ham futbol vatanida millionlar o‘yini yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan darak.

To‘g‘ri, bir paytlar Angliya terma jamoasi yarim himoyasida Lempard, Jyerard, Bekhem va Skoulz, himoyada Ferdinand, Terri, Eshli Koul to‘p surgan, o‘shanda ham terma jamoa hech qanday natija ko‘rsata olmagan deyish mumkin. Ammo u paytlarda terma jamoa o‘sha top-4 dagi inglizlardan tuzilar, ularga raqobatbardosh jamoalar deyarli bo‘lmagan. Tabiiyki, terma jamoa murabbiyida tanlov nihoyatda kam bo‘lardi. Hujumda Ueyn Runi bo‘lgani bilan, unga sherik qilib Piter Krauch yoki Defoni tushirishga majbur bo‘lishardi. Himoyada Terrining o‘rinbosari bo‘lib zaxirada o‘tirgan futbolchi kim bo‘lganini eslay olmaymiz ham. Hozir esa, har bir chiziqda bir nechtalab kuchli futbolchilar bor.

TOP KLUBLAR VA PUL

Albatta, eng muhim jihat moliyaviy tomondan, ambitsiyalar nuqtai nazaridan APL boshqalarni ancha ortda qoldirib ketganini aytish mumkin. Oddiy misol, hozirda Italiya, Ispaniya va Germaniyada ham YeChL o‘rinlari uchun qizg‘in kurash kechmoqda. To‘rttadan jamoa bir yoki ikki yo‘llanma uchun bellashishyapti. Lekin buni APLdagi raqobat bilan taqqoslash kerak emas. Farq shundaki, Angliya top-klublari YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni minimum vazifa sifatida belgilab oladilar va agar bu ham bajarilmasa, murabbiylar ishdan ketadi, muxlislar sarosimaga tushishadi, mavsum muvaffaqiyatsiz chiqqan deb hisoblanadi. «Ayntraxt», «Hetafe» yoki «Valensiya», hatto «Roma» yoki «Lion»da ham unday emas. Agar YeChL yo‘llanmasi qo‘lga kiritilsa, a'lo, mabodo bu amalga oshmasa ham, jamoa bemalol kelasi yili qolgan joydan davom etishlari mumkin. Ya'ni, Bundesliga yoki La Ligada faqat g‘oliblar bor, Angliyada esa, mag‘lublar ham mavjud.

Xuddi shu shaklda, o‘rtamiyona yoki autsayderlarning darajasi ham boshqa ligalardan ham moliyaviy, ham tarkib jihatidan ancha kuchli ekanini aytish kerak. «Eybar» yoki «Strasbur» o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatishi, «Real» va «PSJ» ustidan g‘alaba qozonishi mumkin, ammo ularning tarkibida JCh finali assistenti, masalan Shyurrle to‘p surmaydi. «Everton», «Uotford», «Vest Hem» va «Fulhem» kabi klublarda 40-50 million yevrolik futbolchilar to‘p surishadi. «Kristal Pelas» himoyachisi Bisakka uchun top jamoalar shuncha pul berishmoqda, himoyachi esa, jamoani tark etmoqchi emasligini aytmoqda. Boshqa ligalarda buni tasavvur qila olasizmi?

«Tottenhem» Amsterdamda iroda ko‘rsatdi, «Liverpul» «Barselona»ni yengdi. Bu natijalarga poydevor taktika yoki transferlar yordami bilangina emas, aynan ichki chempionatdagi o‘yinlarda qo‘yilgani aniq-ku? «Tottenhem» deyarli har hafta mana shunday iroda ko‘rsatishi kerak bo‘lgan holatga tushadi, «Liverpul» kuni kecha «Nyukasl»ning vahshiyona qarshiligini sindirishga majbur bo‘lgandi. Bunday o‘yinlarda «tarbiya ko‘rib kelgan» jamoaning so‘nggi daqiqalargacha kurashmasligini o‘ylab ko‘rishning o‘zi xato.

Yuqorida katta pullar natijasida top-klublarga top murabbiylar kela boshlaganini aytgandik. Endi APLda keyingi bosqichga qadam qo‘yib ulgurildi. Bu pullar pastki klublarda ham bor va endi ular ham shunchaki, ba'zida peshqadamlarni jazolaydigan «yoqimtoy britan klubi» maqomidan voz kechmoqdalar. Endi ular ham Ellardays, Hojson kabi ingliz «amakilar»ni emas, yosh, o‘z ambitsiyasi va g‘oyalariga ega bo‘lgan murabbiylarni qidirib, tayinlashga harakat qilmoqdalar. Yuqorida ham sanab o‘tilgan Silva, Grasia, Rojyers kabi yosh murabbiylar yordamida endi uzoqroqqa qaralyapti, nima qilib bo‘lsa ham, mavsumni boshlash va keyin ligada jon saqlash uchun ochko to‘plashga harakat qiladigan jamoalar kamaymoqda.

«Liverpul» va «Tottenhem» timsolida aslida butun APL o‘n yillik kambekni amalga oshirdi. Angliya klublar futboli bir qator faktorlar, ularning birgalikda sodir bo‘lishi natijasida eski davriga qaytmoqda.

Yo‘q, APL Yevropada gegemonlik qiladi, degan fikrni aytmoqchimasman. Ispan grandlari hali ham kuchli. Bu yili shunday, kelasi safar finalga «Yuventus» va «Bavariya» chiqishi ham mumkin. Gap unda emas, shunisi aniqki, endi ingliz klublari ham bu turnirda favoritlar qatorida bo‘ladilar, so‘nggi bosqichlargacha qoladilar, xullas endi ular bilan hisoblashadilar yana.

Qahramon Aslanov

Top