«Manchester Siti» qatorasiga uchinchi o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazadimi? «Atletiko» Barselonadagi noxush an’anaga barham bera oladimi? «Jirona» manziliga yetib keldimi? «Bayyer» navbatdagi imtihonni qanday topshiradi? Londonda qo‘yib yuborilgan 6 goldan so‘ng «Lans» bosh murabbiyi balki Abduqodir Husanovga imkoniyat berar? Shu va yana boshqa bir qancha savollarga ushbu dam olish kunlari javob olamiz.

«Nyukasl» – «Manchester Yunayted» (3 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Ikki jamoa ham Chempionlar Ligasida yakuni qoniqarsiz hisob bilan tugagan og‘ir uchrashuv o‘tkazishdi. «Nyukasl» Parijdagi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqargan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» Turkiyada 3:1 hisobidagi ustunlikni durang bilan yakunladi. Natijada ikki jamoaning ham keyingi bosqichga chiqish masalasi o‘z qo‘lida emas – so‘nggi turda ham g‘alaba qozonib, ham parallel uchrashuvdan umid qilish lozim bo‘ladi.

Tabiiyki, bunday kayfiyatda futbolchilar o‘z muxlislari qarshisida vaziyatni o‘nglashga, hech bo‘lmasa APL o‘yinida g‘alaba qozonib, ishonchni qaytarishga harakat qilishadi. «Nyukasl» ham, «MYu» ham Angliyadagi so‘nggi o‘yinini yirik hisobda yutganini e’tiborga olsak, sport formasi nuqtayi nazaridan hammasi ijobiy.

Umuman, «Nyukasl» o‘z maydonidagi uchrashuvlarda eng yaxshi jamoalardan biri. «Sent Jyeyms Park»da «Arsenal», «Chelsi» va «Aston Villa» kabi jamoalar mag‘lubiyatga uchradi, «Liverpul» faqat so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi. Qizig‘i, «Manchester Yunayted»ning safar uchrashuvlari holati ham shunga yaqin – Erik ten Hag shogirdlari avgustda «Arsenal»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng APL doirasida qatorasiga 4 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Bu o‘yinlarda atigi bitta gol o‘tkazib yubordi, u ham penaltidan. Lekin yana bir jihat borki, «MYu» o‘tgan mavsum boshidan hisoblaganda ham, turnir jadvalida yuqorida joylashgan raqiblarga qarshi safarda umuman g‘alaba qozona olmayapti. Yuqorida tilga olingan statistika ham faqat autsayderlar bilan uchrashuvlarda qayd etilgan.

O‘tgan mavsumda Nyukaslda o‘tgan uchrashuv ham to‘lig‘icha mezbonlarning ustunligi va 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Darvoqe, raqiblar o‘tgan oyda ham o‘zaro o‘yin o‘tkazdi – Angliya Liga kubogida «Old Trafford»da o‘tgan uchrashuvda Eddi Hau shogirdlari yirik hisobda (3:0) g‘alaba qozongandi. Lekin o‘sha o‘yinda har ikki tomonda asosan ikkinchi tarkib futbolchilari o‘ynagandi.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «MYu»da jarohatlanganlar safga qayta boshladi. So‘nggi ikki o‘yinda Lyuk Shou va Kobi Maynu maydonga tushdi va ikkisi ham iliq taassurot qoldirdi. YeChL o‘yinini diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgan Markus Reshford ham uchrashuvga tayyor. Kazemiro, Eriksen, Malasiya, Martines kabi futbolchilar esa, katta ehtimol bilan yangi yil arafasida safga qaytadi.