8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

13:00 / 15.05.2019 20711

Navoiy viloyati butunlay erkin iqtisodiy zona deb e'lon qilindi

Foto: Wikipedia

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologik, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan Navoiy viloyati hududi 2030 yil 1 yanvarga qadar, keyinchalik belgilangan tartibda muddatni uzaytirish imkoniyati bilan, innovatsion, yuqori texnologik, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilandi.

Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zona sifatida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or tajribani joriy etish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratish;

eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish;

Navoiy viloyati ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta'minlash;

kimyoviy mahsulotlar va  zamonaviy qurilish materiallari, tabiiy toshlarni qayta ishlash hamda mahalliy xomashyo va materiallarga asoslangan boshqa sanoat tarmoqlarini ishlab chiqarish uchun klasterlar yaratish;

qimmatbaho toshlar va metallarni qayta ishlash sohasida yangi ishlab chiqarishlarni yaratish, shuningdek zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;

viloyat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

viloyatning transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, viloyat hududida yirik logistika markazini yaratish;

mintaqa iqtisodiyotining hozirgi va kelajakdagi ehtiyojlariga tayangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.

Navoiy viloyatidagi «Navoiy» EIZ ishtirokchisi maqomiga ega bo‘lgan korxonalar quyidagi to‘lovlardan ozod etiladi:

- yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga soliq, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi;

- o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli yo‘nalishi bilan olib kelinadigan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);

- respublikada ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda tuzilgan ro‘yxatlar bo‘yicha loyihani amalga oshirish doirasida olib kiriladigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).

Ushbu imtiyozlar investitsiyalar hajmiga qarab, 3 yildan 10 yilgacha muddatga beriladi:

- 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha - 3 yil muddatga;

- 3 million dollardan 5 million dollargacha - 5 yil muddatga;
 
- 5 million dollardan 10 million dollargacha - 7 yil muddatga;
 
- 10 million AQSh dollari va undan yuqori - 10 yil muddatga.

Top