8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

15:09 / 18.05.2019 5204

Hukumat davlat dasturi bajarilishi yuzasidan deputatlarga ilk bor hisobot berdi

Foto: parliament.gov.uz

2019 yil 18 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hisobotni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov taqdim etdi.

Hisobotda keltirib o‘tilganidek, Prezident tashabbusi bilan yaratilgan Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini izchil amalga oshirish barorida Vazirlar Mahkamasining tashkiliy jihatdan qayta ko‘rib chiqilib, faoliyati yangi mazmun bilan boyitilgani, yirik xo‘jalik boshqaruv sub'yektlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilgani Hukumat tomonidan Davlat dasturining birinchi chorak uchun belgilangan ustuvor vazifalarini o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishini ta'minlashda muhim omil bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat dasturining bajarilishida bir qator jihatlarga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, davlat rahbarining 2019 yil 17 yanvardagi farmoni bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni sifatli, samarali amalga oshirish, hisobot davrida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy-ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini ta'minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini yuksaltirish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rishga ustuvor ahamiyat berildi.

Shu davr ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarida davlat budjetining daromadlarini shakllantirish va xarajatlari hamda budjet taqchilligi mo‘'tadilligini ta'minlash katta ahamiyat kasb etdi. Mamlakatda amalga oshirilgan izchil tashqi savdo siyosati tufayli eksport hajmi hamda jami tashqi savdo aylanmasining ortishiga erishildi.

Respublikada yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida investitsiyalarning o‘zlashtirilishi jadallashtirildi. Bunda davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan Investitsiya dasturining alohida ahamiyati bor. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida moliyalashtirishning sezilarli o‘sishi ta'minlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobarni tashkil etdi.

Amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar orasida aholiga transport xizmatini ko‘rsatish, uy-joy, ichimlik suv bilan ta'minlash ishlari alohida ahamiyat kasb etib, sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

O‘tgan davrda Hukumat faoliyatida ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanish ustuvor vazifaligi ta'minlanib, aholining bandligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim tizimini takomillashtirish ishlariga alohida e'tibor berildi. Shu o‘rinda “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” va dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa yerlarini rivojlantirishga doir dasturlar asosida ish o‘rinlarini yaratish jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan yaratuvchanlik ishlari natijasida zamonaviy qishloqlar (jami 478ta)da 312 ming 549 xonadon qurilib, 1,7 million nafar aholining, shaharlardagi mahallalarda esa, 496 ming aholining yashash sharoiti yaxshilandi. Bularning barchasi bir maqsadga — mamlakat taraqqiyoti va aholining turmush farovonligini ta'minlashga xizmat qilyapti.

Vazirlar Mahkamasining hisoboti deputatlar tomonidan har tomonlama, chuqur tahlil qilindi. Parlament vakillari, avvalambor, Davlat dasturida belgilangan, o‘tgan davrda ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar, ularning Oliy Majlis quyi palatasiga o‘z vaqtida kiritilishi hamda mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish bilan bog‘liq masalalar yechimiga alohida ahamiyat qaratdilar. Davlat dasturining ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning yanada ta'sirchanligi va samaradorligini ta'minlash, bunda parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Jumladan, siyosiy partiyalar fraksiyalari a'zolari Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida ijrosi ta'minlanishi rejalashtirilgan 63 ta banddan amalda 46 tasi bajarilganiga e'tibor qaratar ekan, o‘z vaqtida ado etilmagan bandlar bo‘yicha asosli e'tirozlar bildirdilar. Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik to‘siq va sub'yektiv omillarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat alohida ko‘rsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qat'iy nazoratni amalga oshirishi lozimligi, zarur hollarda deputatlar bilan bu sohada faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarurligini bildirib o‘tdilar.

Top