8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

14:28 / 24.05.2019 48260

Barchaning tiliga tushgan kapalaklar to‘dasi qayerdan kelib qoldi?

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlarida bir xil ko‘rinishdagi kapalaklar to‘dasi ko‘payib qoldi. Ko‘pchilik kapalaklarning bunaqa to‘da bo‘lib uchganini ko‘rmaganini aytmoqda. O‘quvchilar bu sinoatning nima bilan bog‘liq ekanini bilish uchun Kun.uz saytiga ham murojaat qilishdi.

Kapalaklar to‘dasi qayerdan kelib qolganini bilish uchun Kun.uz muxbiri Navoiy viloyati «Jonli tabiat bio-ekologik markazi» jamoat birlashmasi direktori I.Tog‘ayev bilan bog‘landi. Mutaxassis bu borada o‘z fikrlarini aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, odamlarning e'tiborini tortayotgan bu to‘da chaqamig‘, ya'ni qushqo‘nmas kapalagi ekan. Uni repeynitsa ham deyishadi. Bunday turdagi kapalaklarning qurtlari har xil murakkabguldoshlar - chaqamig‘, karrak, qichitqio‘t kabilarga yopishib, rivojlanadi. G‘umbaklari bahorgacha shu o‘simliklar tanasida yopishib qoladi.

Bunday kapalak O‘zbekiston sharoitida 5 martagacha nasl beradi. Dunyoda keng tarqalgan bu kapalak o‘tloqlar, o‘rmonlar, vodiylarda, past tog‘liklar va sug‘oriladigan yerlarda uchraydi.

«Katta ehtimol bilan bu yil O‘zbekistonda bunday kapalaklar ko‘payib ketishining asosiy sababi bahorning namgarchilikka boy bo‘lgani. Namgarchilik yuqori bo‘lgani sabab qishdan chiqqan barcha g‘umbaklar ochib chiqqan va ular nektar, shiraga boy o‘simliklarni izlab, to‘da-to‘da bo‘lib uchishmoqda.

Bu turdagi kapalaklar uzoq joylarga migratsiya qilish xususiyatiga ham ega. Shu bois ular O‘zbekistonda namlikning yaxshi bo‘lgani sabab Rossiya janubi yoki Qozog‘istondan kelib qolgan bo‘lishi ham mumkin»,- deydi mutaxassis Kun.uz muxbiriga bergan ma'lumotida.

 

Top