02:21 / 29.05.2019
13328
Germaniya siyosiy va ilmiy doiralari GFR prezidentining O‘zbekistonga tashrifi haqida qanday fikrda?

Germaniya  Federal Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 27 may kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi va mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasidan olingan ma'lumotlar asosida Germaniya siyosiy va ilmiy doiralarining Frank-Valter Shtaynmayyerning yurtimizga tashrifiga doir fikrlari bilan bo‘lishdi.

Germaniya  federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining parlament davlat kotibi  Norbert Bartle:

Kuni kecha vazirligimiz delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib, moliyaviy va texnik hamkorlik bo‘yicha navbatdagi Hukumatlararo muzokaralarni o‘tkazdi, ularning yakuniga ko‘ra, o‘zaro hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga kelishib olindi. Biz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilayotgan mablag‘lar hajmini o‘n baravarga oshirishni rejalashtiryapmiz. O‘ylaymanki, bu O‘zbekistondagi islohotlarga ko‘mak berish hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi.

Shunday ekan, Germaniya federal prezidenti F.-V.Shtaynmayyer o‘z tashrifi davomida O‘zbekiston so‘nggi ikki yilda katta islohotlarni amalga oshirgani va butun mintaqa uchun “barqarorlik mayog‘i” bo‘lib, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga shaxsan ishonch hosil qiladi.

***

Bundestag deputati, “Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi a'zosi Valdemar Xerdt:

GFR prezidentining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning istiqbolli, mintaqaning esa salohiyatli ekanidan dalolat beradi. Markaziy Osiyoda 60 milliondan ziyod kishi yashaydi va O‘zbekiston bu mintaqaning asosiy mamlakatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonga tashrifimiz davomida prezidentingizning shunday qisqa vaqt ichida rejalashtiribgina qolmay, hayotga tatbiq ham qilgan islohotlarini ko‘rib yoqimli hayratda qoldim. Iqtisodiyot, fikrlash va umuman, barchasida jiddiy o‘sish kuzatilmoqda, ya'ni bularning bari xalq qurilish hamda yuksalish haqida o‘ylayotgan vaqtda jadallashmoqda.

Men sobiq sovet respublikalarida ko‘p bo‘laman va boshqalarga bu borada O‘zbekistonga borib o‘rganishni maslahat beraman. O‘rganishning yomon joyi yo‘q, ayniqsa, buning uddasidan chiqayotgan mamlakatdan. O‘ylaymanki, prezidentimizning O‘zbekistonga tashrifi sobiq sovet respublikalariga bo‘lgan yangicha munosabatni namoyish qiladi.

Germaniya – sanoat mamlakati. Bizda neft va gaz yo‘q. Bizda bori – bu ishlab chiqaruvchilarimiz, muhandislik fikri, boshqaruvga doir bilimlar, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Biz faqat shularnigina taklif qila olamiz. Biroq bularni faqatgina boshqa mamlakatga borib, o‘z yurting imkoniyatlarini namoyish qilayotganidagina sotish mumkin. O‘zbekistonliklar ham, shu tariqa, Germaniyaga kelib, o‘zlarining ishlab chiqarishga doir imkoniyatlarini namoyish qilishmoqda. Keyingi bosqichda qo‘shma korxonalar yaratish uchun hamkorlik imkoniyatlarini birgalikda izlashimiz kerak, deb o‘ylayman. Qo‘shma korxonalar Germaniyada ham ishchi o‘rinlarini kafolatlasa, u yerda ham xalqlarimiz farovonligini kafolatlaydi.

Chunki qo‘shma korxonalar bu yerga mexanizmlar, mashinalar uchun buyurtma berilishini bildiradi, nou-xau va farovonlik shu yerdan boradi.  U yerda esa ishchi o‘rinlari yaratiladi, odamlarga munosib ish haqi beriladi. Men doim “Jang qilgandan ko‘ra savdo qilgan yaxshi”, degan fikrni aytaman. O‘zbekiston yaxshi uddasidan chiqayotgan narsani Germaniyada ishlab chiqarmasa ham bo‘ladi.

So‘nggi tashrifim chog‘ida yosh deputatlar bilan uchrashuvimiz meni juda quvontirdi, ular shijoat bilan, sof nemis tilida Germaniyada ta'lim olish istiqbollari haqida so‘zlashdi. Biz O‘zbekiston yoshlari Germaniyada ta'lim olishi va xuddi shu jarayon aks yo‘nalishda ham tashkil qilinishi tarafdorimiz. Germaniya yoshlari ham o‘zlarining farovon mamlakatlari doirasidan chiqib, o‘z dunyoqarashlarini kengaytirishlari, boshqa madaniyatlarga oid tasavvurlarini boyitishlari, yangi aloqalar o‘rnatishlari va hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishlari lozim.

O‘zbek xalqiga farovonlik tilayman va ularga boshlangan demokratik islohotlar kursini muvaffaqiyatli davom ettirishlarini tilab qolaman. Tanlagan yo‘lingizni mahkam ushlang, zero siz Markaziy Osiyo barqarorligi, farovonligi va hamkorligi mayog‘i hisoblanasiz. Biz buni his qilamiz, qo‘shni respublikalar ham O‘zbekistonga katta hurmat bilan qarab, bu o‘zgarishlar mintaqadagi tinchlikni mustahkamlashiga umid bilan qarashmoqda. Juda ko‘pchilik biznes aloqalarni rivojlantirish maqsadida bu tomonga umid bilan qaramoqda. Biz xalqlarimizni yaqinlashtirish, biznesni yaqinlashtirish va farovonlikni ta'minlash yo‘lida O‘zbekiston bilan bajonidil tajriba almashishamiz.

***

Germaniya Bundestagi vakili, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Andreas Yan:

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanayotganidan juda xursandman. Joriy yilning yanvarida O‘zbekiston prezidenti Berlinda bo‘lib, Germaniya Federal kansleri va Federal prezidenti bilan uchrashgan edi. Janob F.-V.Shtaynmayyerning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ayni vaqtida bo‘ldi, zero biz ikki tomonlama munosabatlarni yanada faollashtirish hamda ularni iqtisodiy tomondan kengaytirishni rejalashtiryapmiz.

Biz O‘zbekiston prezidentining qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash maqsadida bunday dadil qadamlar tashlagani hamda ular bilan ikki tomonlama samarali hamkorlikka kelishganidan juda xursandmiz. Ayniqsa, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlar bilan aloqalar rivojini alohida qayd etish lozim. O‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish nuqtai nazaridan bu biz uchun juda muhimdir, zero O‘zbekiston geografik joylashuvi va mintaqadagi o‘rniga ko‘ra Markaziy Osiyoda muhim rol o‘ynashda davom etadi.

Ta'kidlash joizki, shu yilning 16-19 iyun kunlari Bundestagning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot qo‘mitasi deputatlari delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘ladi.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning faollashuvi bizni juda quvontiradi va biz iqtisodiy rivojlanish hamda madaniy almashinuv yo‘lida intensiv hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz. 

Yil sayin O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarimiz soni oshib bormoqda. Ko‘p nemislar O‘zbekistonga sayohat qilishga qiziqib qolgan. Bu yo‘nalishdagi aloqalarni kengaytirishning yangi usullarini topishni istardik, shunday ekan, bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi yaxshi va qadrli qadamdir.

Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqi va mamlakatingiz hukumatini ko‘p yillar davomida bizga ko‘rsatib kelinayotgan mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildiraman.

***

Germaniya sudyalar akademiyasi direktori, professor Shtefan Trats:

O‘zbekistonda sud-huquq tizimida zamonaviy xalqaro tajribani inobatga olgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston va Germaniya sud, huquq organlari va ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasidagi samarali hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni ochmoqda.

Biz Germaniya sudyalar akademiyasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va sud organlari bilan hamkorligimiz faol rivojlanayotganidan juda mamnunmiz. Akademiyamiz direktori sifatida, so‘nggi ikki yil davomida Toshkent shahridagi seminarlarda bo‘ldim va o‘zbekistonlik hamkasblarimizning yaxshi bilim va salohiyatli g‘oyalarga ega ekaniga ishonch hosil qildim.

O‘zbekiston Prezidentining Bosh prokuratura akademiyasi va Respublika Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabini ta'sis etgani meni juda quvontirdi. Bu yerda biz ushbu ta'lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan rejalarni ishlab chiqishimiz va amalga oshirishimiz mumkin bo‘ladi. O‘ylaymanki, kelgusida o‘zbekistonlik hamkasblarimizning Germaniya sudyalar akademiyasida malaka oshirishlarini tashkil qilib, ular bilan samarali hamkorlik qilamiz.

***

Frayburg Universitet klinikasi bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Frederik Vens:

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz haqida so‘z ketar ekan, ayni damda Federal prezidentimiz, janob Shtaynmayyerning sizning yurtingizda rasmiy tashrif bilan bo‘layotgani alohida quvonch bag‘ishlaydi. Oliy darajali tashrif bizning sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlarimizni siyosiy qo‘llab-quvvatlash bilan ta'minlaydi. Ikki yilcha oldin biz O‘zbekistonda, xususan, onkologiya yo‘nalishida tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qila boshlagan edik.

O‘tgan yili Toshkentda onkologiya bo‘yicha birinchi O‘zbekiston-Germaniya konferensiyasini tashkil qilgan edik va unda asosiy e'tibor nur orqali davolashga qaratilgandi.

GFRda onkologiya sohasida Germaniya onkologiya jamiyati va Federal sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Saratonga qarshi kurash milliy rejasi ishlab chiqilgan.

Bu kasallikni diagnostika qilish va terapiyani yaxshilashga doir birgalikdagi sa'y-harakatlar natijasida so‘nggi ikki yilda sezilarli muvaffaqiyatga erishildi. Biroq, bu yerda vaziyatni infratuzilmaga investitsiya kiritish yo‘li orqali ham sezilarli darajada yaxshilash mumkin.  Bu bir tomondan, tegishli tibbiy uskunalar bilan ta'minlangan onkologik markazlar va klinikalarning yaratilishini bildiradi. Boshqa tomondan esa, xodimlarga saratonni davolash usullarini o‘rgatishga ham mablag‘ kiritish muhimdir. Shifokorlarni shunchaki o‘qitish bilan ish bitmaydi, bu yerda tibbiy fizika va radiatsion biologiya kabi o‘rta hamda kichik tibbiy personalni aralash sohalarga o‘qitish zarur.

Bugungi kunda biz O‘zbekistonning turli mutaxassislari va klinikalari bilan muloqot olib bormoqdamiz. Qat'iy ishonch bilan aytishim mumkinki, Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida tegishli kelishuvlarga erishilgan taqdirda, tibbiyot sohasida bilimlarimizni almashishimiz, bir-birimizdan o‘rganishimiz mumkin. Bu O‘zbekiston aholisi salomatligi yaxshilanishiga turtki beradi.

Umid qilamanki, janob Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga amaldagi tashrifi  ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtiradi va kelgusidagi hamkorligimiz, shu jumladan onkologiya sohasini rivojlantirishdagi hamkorligimizni faollashtiradi.

Top