Jahon | 23:02 / 01.12.2022
11640
2 daqiqa o‘qiladi

Shols Bundesverda o‘q-dori tanqisligi yuzaga kelganini tan oldi 

Germaniya armiyasi bo‘shliqni to‘ldirish uchun o‘q-dorilarni mudofaa sanoatidan sotib olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirgan. 

Foto: DPA

Germaniya kansleri Olaf Shols NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan qo‘shma matbuot anjumanida Bundesver (Germaniya armiyasi) og‘ir ahvoldaligini, chunki o‘q-dorilar taqchilligini boshdan kechirayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha o‘n yillikda Germaniya Mudofaa vazirligi o‘q-dorilar bilan ta’minlash sohasida «noto‘g‘ri yo‘l tutgan». 

«Bu nafaqat Ukrainadagi urush tufayli, balki o‘z raqamlarimizga ham e’tibor qaratmaganimiz uchun yuz berdi. Armiyada doimiy ta’minotni shakllantirish qanchalik muhimligini hozir juda yaxshi tushunib turibmiz», dedi kansler. 

Shuningdek, Shols mamlakat mudofaa vazirligi rahbari Kristina Lambrext bu muammoni bartaraf etishdan juda manfaatdor ekanini ta’kidladi. 

Avvalroq, Germaniya vazirlar mahkamasi matbuot kotibi Shteffen Hebeshtrayt Germaniya qurolli kuchlarida yetarlicha o‘q-dorilar yo‘qligi va shu sababli rasmiylar ularni mudofaa sanoatidan sotib olish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirganini ma’lum qilgandi. 

Bundestag (Germaniya parlamenti) mudofaa bo‘yicha komissari Yeva Hyogl Germaniya o‘z qurolli kuchlarini to‘liq ta’minlash uchun 20 milliard yevrolik o‘q-dorilar sotib olishi kerakligini ma’lum qildi. Shuningdek, u harbiy xizmatchilar har doim ham zarur kiyim-kechak bilan ta’minlanmaganini ta’kidladi. Bundan tashqari, hozirda Germaniya qurolli kuchlarida 20 mingta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Umumiy hisobda 182 ming kishi xizmat qilmoqda, biroq ayni paytda shaxsiy tarkibning maksimal 60 foizi kasallik, ta’til va amaliyot o‘tashi sababli ayrim harbiy qismlarga jalb qilingan. 

 

Mavzuga oid