Jahon | 12:03 / 26.11.2022
6524
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaga Rossiya vizasiga ega noqonuniy muhojirlar oqimi keskin oshdi

Foto: Reuters

Germaniyaga noqonuniy ravishda kirgan, avvalroq Rossiyaga borgan xorijliklarning aksariyati arab davlatlari fuqarolaridir, deb yozadi Der Spiegel haftalik gazetasi politsiya ma’lumotlariga tayanib. 

Germaniya hukumati Rossiyada bo‘lganidan keyin Germaniyaga noqonuniy ravishda kirgan xorijliklar soni keskin oshganini qayd etdi. Bu haqda 25 noyabr, juma kuni Germaniyaning Der Spiegel haftalik nashri federal politsiya ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi. 

Politsiya statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaga noqonuniy ravishda kirib kelgan va ayni paytda pasportida Rossiya vizasi yoki Rossiya chegarasini kesib o‘tganlik belgisi bo‘lganlar soni joriy yilning sentabr oyidan boshlab ayniqsa sezilarli darajada o‘sgan. Bu muhojirlarning aksariyati arab davlatlari fuqarolaridir. Hujjatlari va politsiyaga bergan bayonotlariga qaraganda, ular avvaliga Rossiyaga havo orqali yetib kelgan, keyin esa Belarus orqali Yevropa Ittifoqiga ko‘chib o‘tgan, deb yozadi nashr. 

Federal politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning may oyida Germaniyada ushbu sxema bo‘yicha mamlakatga noqonuniy kirgan 320 nafar, sentabrda – 1200, oktyabrda esa 1500 nafar xorijlik ro‘yxatga olingan. Bu yil Germaniyada «Rossiya» yo‘nalishi bo‘yicha Germaniya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan jami 8 mingga yaqin kishi qo‘lga olingan.

Jurnalistlar, shuningdek, politsiyaning maxfiy hisobotiga tayanib, 2022 yilning yozidan boshlab bunday noqonuniy muhojirlar orasida yaqinda Rossiya vizasi olgan shaxslardan tashqari, Rossiyada ilgari uzoq vaqt yashagan xorijliklar ham ko‘payib borayotganini ta’kidlamoqda. Masalan, Rossiya Federatsiyasida, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida tahsil olgan Afrikadan kelgan talabalar, shuningdek, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari soni ortgan. 

Mavzuga oid