8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

19:16 / 30.05.2019 2532

Jondor tumanida Buxoro viloyati hokimining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish — bugunning dolzarb vazifalaridan biri. Qolaversa, bu jarayon har bir rahbarga alohida mas'uliyat yuklab, xalq dardi bilan yashash, muammolarga yechim izlashga undaydi.

Buxoro viloyati hokimligi apparati matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevning Jondor tumani istirohat bog‘ida o‘tkazilgan sayyor qabulda mazkur hudud hamda unga yondosh tumanlar aholisining turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari eshitilgan.

«Xususan, qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e'tibor qaratildi. Murojaatlarning aksariyati uy-joy qurish uchun yer ajratish, moddiy yordam, pensiya, bolalar nafaqasi, ishga joylashish, bank-moliya, soliqqa tortish, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minotidagi muammolar, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, yo‘llarni ta'mirlash, ta'lim sohasidagi muammolar, tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan fuqarolarning 200ga yaqin murojaati birma-bir muhokama qilindi. Fuqarolarning 127 nafarini shaxsan viloyat hokimining o‘zi qabul qilib suhbatlashdi», — deyiladi ma'lumotda.

«Yoshim yetmishdan oshdi, — deydi Xumin qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Sharof ota Safarov. — 7 nafar o‘g‘il-qizim, bir etak nevaralarim bor. Xudoga behisob shukr, farzandlarim hammasi uy-joyli. O‘zlariga tinch yashashmoqda. «Obod qishloq» dasturi doirasida qishlog‘imizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, biz ham tashabbus ko‘rsatishga chog‘landik. Oilamizdan orttirgan birmuncha jamg‘armamiz bor. Agar imkon qilib, yer ajratilsa, futbol o‘yingohi va savdo markazi qurmoqchimiz. Bu borada bir necha bor murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmadi. Shu masalada yordam bersangiz, deb kelgandim».

Viloyat hokimi tomonidan tuman hokimi va boshqa tegishli mas'ullarga yer ajratish, uni rasmiylashtirish ishlarini uch kunda bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sharof ota esa uyiga xursand holda qaytadigan bo‘ldi.

Xalqobodlik tadbirkor Sayyora Bafoyevaning ham anchadan beri o‘ylantirib kelayotgan muammosi sayyor qabulda yechim topdi.

«Hududimizdagi ehtiyojdan kelib chiqib, davlat-xususiy sherikchilik asosida bog‘cha qurish taklifi bilan viloyat hokimiga murojaat qilgandim. Shunga ko‘ra, bundan roppa-rosa bir yil avval qurilishi boshlangan 100 o‘rinli bog‘chani ishga tushirdik. Hozirda unda 50 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Ammo bog‘chada zamonaviy bolalar maydonchasi yo‘q. Maydonchani qurish va jihozlash uchun mablag‘imiz yetarli. Yer esa muammo. Bog‘cha oldida tuman arxiv binosi bor. Arxiv uchun boshqa hududdan joy berilishi, uning o‘rnida esa bolalar maydonchasi qurish mumkinligi bo‘yicha bergan taklifim viloyat hokimi tomonidan ma'qullandi. Ming rahmat», — deydi u qabuldan chiqar chog‘ida. 

E'tiborli jihati, aksariyat aholi vakillari tomonidan nafaqat o‘zi yoki oilasiga tegishli, balki mahalla, tuman ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq ko‘plab masalalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, Oydin qishlog‘ida yashovchi Sharif Habibov qishloqdagi dehqon va mol bozorini chekkaroq hududga ko‘chirish, og‘arlik Vahob Qo‘ziyev qishloqqa ariq suvi keltirish, Paxtakor ko‘chasida istiqomat qiluvchi Shoira Jabborova kutubxona qurish, po‘lotilik Sobira Jo‘rayeva aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha murojaat qilishdi. Bu masalalar shu yilning o‘zidayoq hal qilinadigan bo‘ldi.

Qabul davomida har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, e'tirozli holatlar bo‘yicha hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Shunga muvofiq viloyat mutasaddilari tegishli topshiriq asosida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha murojaatchilar bilan alohida suhbatlar olib borishdi. Bu esa muammoning yanada tez hal etilishiga zamin yaratdi.

Shuningdek, qabul chog‘ida hududda mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, fuqarolarga tumandagi 42ta korxonada mavjud 152ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. 87 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

Top