8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

23:09 / 23.06.2019 25893

1 500 futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkib, tartibga asoslangan taktika - o‘zbek bo‘lishga intilayotgan Ektor Kuper bilan suhbat

Ektor Kuper O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylanganiga 10 oy bo‘ldi. Bu vaqt davomida murabbiy o‘zbek futbolini ancha o‘rgandi va qaysidir ma'noda o‘zimizning odamga aylandi. Osiyo Kubogida tarixiy natijamizni takrorlay olmagan murabbiy endilikda JCh-2022 saralashiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aslida uning asosiy missiyasi aynan Mundialga yo‘llanma olish hisoblanadi.

Tribuna.uz Ektor Kuper bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida o‘zbek futbol muxlislariga Kuperning qanday inson ekani, uning futbol borasidagi fikrlarini ochib berishga harakat qildik. Bosh jamoamiz murabbiyi imkon boricha savollarga javob berdi.

Kuperga O‘zbekistonga moslashib ketish jarayoni qanday kechgani haqida so‘raganimizda, u o‘zbek ekani haqida aytdi. Bu javobdan ajablanganimizni ko‘rib, shunday qo‘shimcha qildi:

«Men o‘zbekman. Yangi odam sharoitga moslashishi kerak, lekin unga ham moslashishlari muhim. Men o‘zbekman deyishim g‘alati tuyilishi mumkin, lekin bu millatning qanaqa ekanini, uning xarakterini o‘rganishim kerak. Bunga intilmasam, ishlashga qiynalaman. Men bozorlarga borishim, ovqatlanish joylariga kirishim, shu yerning odamlari kabi yashashim kerak. Futbolchilarimni klubdagi kabi har kuni ko‘ra olmayman va bu moslashishni biroz qiyinlashtirishi mumkin, ammo men harakat qilishim kerak.

O‘z navbatida mening ham talablarim bor. Ba'zan siz qanday murabbiy bilan shartnoma imzolaganingizni bilasizmi, deb so‘rayman. Bu bilan o‘zimni katta tutayotganim yo‘q, bu narsa xayolimga ham kelgani yo‘q. Shunchaki men birga ishlayotgan insonlar mening kim ekanimni, qanday inson ekanimni bilishini istayman. Balki siz doim kuladigan murabbiyni xohlagandirsiz, lekin men har vaqt kulib tura olmayman. Balki siz murabbiy tanlashda adashgandirsiz...

Har qancha g‘alati tuyulmasin men o‘zimni o‘zbek deb his qilishim kerak. To‘g‘ri bu uchun tilni o‘rganishim kerakdir, lekin men qo‘limdan kelganicha shu millatning odamiga aylanishga intilaman. 33 million odamdan menga moslashishini talab qila olmayman. 60-70 foiz bu millatga, bu futbolga moslashishim mumkin, lekin 30 foiz menga ham moslashishlarini istagan bo‘lardim».

Murabbiydan milliy jamoaga futbolchilarni qanday chaqirishi, uning kengaytirilgan tarkibi qanchalik keng ekani haqida ham so‘radik. Kuperning aytishicha, bosh jamoaga da'vogar har qanday futbolchining o‘yinini kuzatib boradi:

«Albatta, men o‘zbek futbolidagi hamma jarayonlarni kuzatib boraman. Xorijda o‘ynayotgan futbolchilarni ham kuzataman va futbolchilarni solishtiraman. Ba'zan menga mana bu futbolchi klubida zo‘r o‘ynayapti deb qolishadi. Men albatta bu futbolchini kuzataman, lekin u mening jamoamda boshqa vazifani bajarishini so‘rashim mumkin.

Yangi futbolchilar kelishsa, ularga ko‘rsatma beraman, g‘oyalarimni tushuntiraman. Ular 3-4 kun ichida jamoaga moslashishiga harakat qilaman. Va yangi futbolchilarni boshqalar bilan solishtiraman. Barcha jamoalarimda shunday ishlaganman. Misr milliy jamoasida ishlagan vaqtimda ba'zi futbolchilarni chaqirganman va ular o‘z klublarida o‘ynashmagan. Lekin ular men aytgan ishlarni qilib bera olishgan. Hamma murabbiyning o‘z qarashlari bor. 33 millionda o‘zbekistonlik jamoani o‘zicha tushunishi mumkin. Xuddi shunday mening ham o‘z qarashim bor. Doim o‘yinchilarni sinab ko‘rish kerak. Har qancha vaqtimiz kam bo‘lsa-da, ko‘proq futbolchilarga imkon berish kerak».

Kuper milliy jamoada qanday taktika tanlash butun millat futboliga bog‘liq ekanini, futbol qaysi yo‘nalishdan borishni istayotgani muhimligini ta'kidladi. Argentinalik murabbiy jamoasida tartib hamma narsadan muhim ekanini aytdi:

«Bizning qanday uslub tanlashimiz o‘zbek futboli nima xohlayotganiga bog‘liq. Biz nimani xohlayapmiz? Bizdan ham to‘p nazoratini, ham chiroyli o‘yin, ham natijani talab qilishlari mumkin. Men ham shunday bo‘lishini xohlayman, lekin bu oson emas. Biz avvalo o‘zimizning qanday holatda ekanimizni bilib olishimiz kerak.

Biz hujumni yaxshi ko‘radigan futbol vakilimiz deyishingiz mumkin, lekin avvalo himoyalanishni bilishimiz kerak. Biz o‘yinlarni tahlil qilib yakuniy taktikani tanlaymiz. Biz natijaga erisha olmasak, demak nimanidir o‘zgartirishimiz kerak.

Men jamoani raqobatbardosh qilishga intilaman va bunga kuchli raqiblar bilan o‘ynabgina erishish mumkin deb hisoblayman. Bunday o‘yinlarda biz eksprimentlar qilishimiz va bu tajribalar samara bermasligi mumkin. Aytaylik, biz Urugvayga qarshi o‘ynadik. Ular dunyoning 6-jamoasi va bunday jamoaga qarshilik qilish qiyin. Biz ikki yildan keyin ham Urugvay bilan o‘ynasak, albatta yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘ladi. Men bejizga sabr qilish haqida gapirmayman. Biz qilayotgan barcha tajribalar o‘yinni yaxshilash uchun qilinadi va ular asosidagina xulosa chiqara olamiz. Bizning asosiy maqsadimiz bitta - Qatardagi Jahon Kubogiga yo‘llanma olish».

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Mister Kuper (futbolchilar uni mister deb chaqirishadi) milliy jamoadagi chiziqlar haqida ham gapirdi. Undan markaziy himoyachi, loterallar, tayanch yarim himoyachilari qanday bo‘lishi kerakligini so‘radik. Shuningdek murabbiy:" Odil Ahmedov endilikda oldinroqda harakat qilishi mumkinmi?" qabilidagi savolimizga ham javob berdi:

«Odil Ahmedov endi oldinroqda o‘ynaydimi? Yo‘q, ozroq tuzatish kiritmoqchiman. Men tayanch zonasidagi futbolchidan hujumga o‘tishini so‘raganimda buni himoyani unutishi evaziga amalga oshirishini istamayman. U himoyaga qaytishga ham tayyor bo‘lishi kerak. Masalan, Odilga tayanch zonasida faqat hujumlarni qaytarib, orqaroqda o‘ynash qulaydir, ammo biz undan faqatgina himoyalanishda foydalanishimiz kerak emas. Muxlislar bu chiziqda boshqa futbolchilarni ko‘rishni xohlar balki. Biz balansni ulashimiz kerak. Yoshlar va tajribali futbolchilar o‘rtasidagi balansni. Ayniqsa markazda.

Albatta, qanot himoyachisining ham himoyada yaxshi o‘ynashi, ham hujumga vaqtida qo‘shilishi ideal variant bo‘lardi, lekin ikki vazifani ham yaxshi bajaradigan futbolchi Manchester Yunaytedda o‘ynashi kerak (kuladi). Loterallarning foyda berishi murabbiyning qanday taktika tanlashiga ham bog‘liq. Murabbiy doim yangi futbolchilarni izlashi va kuzatishi kerak. Lekin Davron faqat himoyaviy o‘yinlarda kerak deb aytmagan bo‘lardim. Yo‘q, yo‘q. Yaqinda aytdim-ku, bizda jamoaning minimal asosi shakllangan. Shunday bo‘lsa-da, biz futbolchilarni izlashda davom etamiz.

Markaziy himoyachi juda muhim futbolchi. U avvalo texnik, taktik talablarga javob berishi kerak. Ular himoyani boshqarishadi. Biroq futbolchi murabbiyning barcha talablarini bajarishi ham imkonsiz. Shu sabab u futbolchidan foydalanishni bilishi kerak.

Ba'zi futbolchilar texnik jihatdan yaxshi, lekin ular taktik jihatdan ham ko‘ngildagidek bo‘lishi kerak. Taktik tayyorgarlik bu murabbiyning ishi. Masalan menda to‘pga chiqishda yaxshi o‘ynaydigan darvozabon kerak. O‘z navbatida oyoq bilan yaxshi o‘ynaydigan darvozabon ham zarar qilmaydi. Gol o‘tkazmaydigan darvozabonni kim xohlamaydi deysiz? Afsus bunday futbolchilar dunyoda juda kam...».

Kuperning viloyatlarga tashrifi o‘sha viloyatdagi jamoa futbolchilarining ikki hissa xohish bilan o‘ynashiga ta'sir qilishini aytganimizda murabbiy har bir o‘zbekistonlik futbolchi doim bosh jamoada o‘ynashga tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi. U keyingi safar 1 500 futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkib e'lon qilishini aytib hazil ham qildi:

«Chempionatda o‘ynayotgan hamma futbolchi milliy jamoaga chaqirilishi haqida o‘ylashi kerak. Ular menga qarab qolishi emas, doim milliy jamoaga nomzod ekanini his qilib o‘ynashi kerak. Unda keyingi safar 1 500 kishidan iborat tarkibni e'lon qilaman. Agar bu o‘sha futbolchilarning o‘yiniga ijobiy ta'sir ko‘rsatsa. Shunday o‘yinlar ham qiziqarli kechsa kerak (kuladi)».

So‘zimiz oxirida Kuperdan «O‘zbek futbolini, uning muxlislarini yaxshi ko‘rib qoldingizmi?», deb so‘rab quyidagi javobni oldik:

« Mendan o‘zbek futbolchilarining harakatlaridan qoniqmayapsizmi, deb so‘rashadi. Yo‘q, nega endi? Ular menga ma'qul. Yigitlar yetarlicha yugurishadi. Ba'zan keragidan ortiqroq ham yugurishmoqda. Bizning muxlislar juda yaxshi. Ayniqsa oxirgi ikki o‘yinda ular jamoaning o‘yiniga ijobiy ta'sir qilishini ko‘rdik. Muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlashini, bizga ishonishini xohlaymiz. Muxlislarning stadionga kelishi va ularning kayfiyati esa bevosita bizga bog‘liq. Biz yaxshi o‘ynasak, ularning kayfiyati yaxshi bo‘ladi.

Futbolchilar haqida gapiradigan bo‘lsam, jamoa kimgadir yoqmasligi mumkin, lekin ularning harakatlari meni qoniqtirmoqda. Jamoada ichki muhit yaxshi deya olaman. Yana takrorlayman, muxlislarning kayfiyati bizga bog‘liq. So‘zim oxirida murabbiy har qancha kuchli bo‘lmasin, yolg‘iz hech narsaga erisha olmasligini ta'kidlamoqchiman. Biz birgalikda harakat qilsakkina natijaga erishishimiz mumkin. Eng avval natija haqida o‘ylagan holda maqsad tomon birgalikda harakat qilishimiz kerak».

Top