
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentligi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi.
O‘zbek futbolining yangi rahbari O‘FAning 15 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari konferensiyasida saylanadi.
«O‘FA ustavining 41-moddasiga muvofiq, O‘FA a'zolari tomonidan O‘FA prezidenti lavozimiga nomzod kiritish bo‘yicha yozma takliflar 14 iyulga qadar Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi 98-A uyda joylashgan O‘FA Bosh kotibiyatiga taqdim etilishi mumkin», – deyiladi assotsiatsiya rasmiy saytida.
O‘FA ustaviga muvofiq, prezident lavozimiga ilgari suriladigan nomzodlar quyidagi shartlar asosida tanlab olinadi:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashagan bo‘lishi;
- O‘FA a'zolarining har biri o‘zlari ilgari suradigan nomzodni belgilangan tartibda nomzod sifatida saylagan bo‘lishi va saylov o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi yig‘ilish bayonnomasini nomzod kiritish bo‘yicha yozma taklifga ilova qilishi lozim;
Yuqoridagi shartlarga mos keladigan nomzodlar xalqaro talablarga muvofiq tarzda O‘FA tomonidan o‘rganib chiqiladi.
Ma'lumot uchun, ayni paytda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov O‘FA prezidenti sanaladi. U bu lavozimga 2018 yil yanvar oyida saylangan edi.
2019 yil iyunida O‘FA vitse-prezidentlari o‘zgargan, jumladan Umid Ahmadjonov va Po‘lat Bobojonov o‘rnida Ravshan Ermatov va Muhiddin Jo‘rayev ish boshlagan edi.
