8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

23:29 / 02.07.2019 1525

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro atom energetikasi agentligida uchrashuvlar o‘tkazdi

1-2 iyul kunlari O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zatom" agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya Vena shahriga tashrif buyurdi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, delegatsiya xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori o‘rinbosari – kafolatlar departamenti direktori Massimo Aparo, yadro energiyasi bo‘linmasi direktori Xan Doxa, yadro infratuzilmasini rivojlantirish bo‘limi rahbari Milko Kovachev va agentliknig boshqa bo‘linmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida yadroviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekistonning XAEA bilan hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni milliy yadro-energetika dasturining rivojlanish holati, xususan birinchi atom stansiyasini qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirish, kadrlar tayyorlash va me'yoriy-huquqiy bazani rivojlantirish doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida ma'lumot berdi.

O‘zbekiston tomonidan atom stansiyasi uchun joy tanlash borasidagi muhandislik tadqiqotlari, atom energiyasi sohasida davlat boshqaruv organlarini rivojlantirish va boshqaruvni tartibga solish, kadrlar tayyorlash, qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar alohida qayd etildi.

Uzluksiz muloqotni ta'minlash va axborotni o‘z vaqtida almashish uchun O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasida XAEA bilan hamkorlik qilish uchun mas'ul yangi diplomat lavozimi joriy etildi. Shuningdek, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasini Sanoat xavfsizligi bo‘yicha davlat qo‘mitasiga aylantirish orqali radiatsiyaviy va yadro xavfsizligini nazorat qiluvchi organ kuchaytirildi.  

O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijalariga ko‘ra, milliy yadro-energetika dasturini takomillashtirish va professional kadrlarni tayyorlashga qaratilgan qator qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, "O‘zatom" agentligi O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi bilan birgalikda 2019 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan XAEAning navbatdagi 63-bosh konferensiyasi doirasida alohida xalqaro tadbirni tashkil etish bo‘yicha ish boshlaydi.

Top