8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

00:24 / 03.07.2019 27177

Vazir sayyor qabuli «sahnalashtirilgan»mi yoki kimlardir atayin uyushtirganmi? Voqea qatnashchilari bilan «farg‘onacha» suhbat

1 iyul kuni O‘zAda Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri tomonidan Farg‘ona viloyatidagi sayyor qabul «sahnalashtirilgani» haqida maqola paydo bo‘ldi.

2 iyul kuni vazirlik matbuot xizmati bu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unda Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53ta murojaatning har biri yuzasidan vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazish haqida qaror qabul qilingani aytilgan.

Kun.uz Farg‘ona shahrida bo‘lib, vazirlik ichki tekshiruv o‘tkazilishini kuzatib bordi.

Farg‘ona viloyat Bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi binosida vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov va komissiya vakillari ishtirokida tekshiruv va yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati tuman bandlikka ko‘maklashish markazi rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda vazir o‘rinbosari so‘zga chiqdi.

«Vazirimiz bilan shaxsan o‘zim birgalikda sayyor qabul o‘tkazdik. 10 kishi bilan gaplashdim, qolgan 43 nafarini vazirimizning o‘zi qabul qildi. Bizga bu maqola saboq bo‘ldi. Shunday odamlar ham bor ekan. O‘sha 11 nafar fuqarodan ikki nafari maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirilgan deb o‘ylagan edik. Bu maqoladan so‘ng tekshirsak, ular qabulda qatnashgan, biroq o‘sha muassasada avvaldan ishlab kelishayotgan ekan. Bu ish bo‘yicha Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Tolib Asomiddinov ishdan bo‘shash haqida ariza berdi.

Lekin bu masala ishdan bo‘shash bilan tugatilmaydi. Agar rostdan hammasi «sahnalashtirilgan» bo‘lsa, jinoiy ish ochilishi kerak. Bizda yana 9 nafar fuqaro masalasida ham shubhalar bor. Biz maqolani inkor etmadik. Bu balki haqiqatdir, balki uyushtirilgandir. Biz masalaning tagiga yetamiz. 1-2 kun ichida oqni oq, qorani qora qilib ajratib chiqamiz. Bunday ishlash bo‘lmaydi, shu sababli sizlarni hokimiyatdagilar bir tiyinga olmaydi. Farg‘ona viloyatida mehnat va bandlikka ko‘maklashish masalasi respublikada eng pastki o‘rinlardan birida», deydi vazir o‘rinbosari.

Yig‘ilish tugashi bilan Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazining sobiq direktori Tolib Asomiddinovni suhbatga tortdik.

«Men u qizlarni o‘sha kuni qabul joyida ko‘rdim. Ikki qiz o‘zlari kelib aynan o‘sha bog‘chada vakansiya borligini aytishdi. Men o‘sha joyga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdim. Bog‘cha mudirasi tomonidan buyruq ham tayyorlangan. Biz boshqarmaga buyruqning elektron shaklini ham tashlab berdik. Bu uyushtirilgan. Bu «podstava» bo‘ldi. Mudirani ham tanirdim. Borib nega ishlaydigan odamlarni jo‘natganini so‘radim. Juma kuni qabul bo‘lsa, shanba kuni buyruq chiqyapti. Yakshanba kuni jurnalist Muhammadjon Obidov (O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi – tahr.) borgan va hujjatlarni olgan. Men uzoq yillardan beri ishlab kelaman. Faoliyatim bunday tugashi noto‘g‘ri bo‘lmoqda», deydi markazning sobiq direktori.

Vazirlik mutasaddilari odatda ishga joylashtirish va uning hujjatlashtirish ishlari 3-4 kun vaqt olishini va bu ish qabulning ertasi kuniyoq hal etilgani shubha tug‘dirayotganini aytishdi. Shu sababli, o‘sha bog‘chaga borib qizlar bilan uchrashishga qaror qildik.

Marg‘ilon shahri 6-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga kirib bordik. Bog‘cha mudirasi Shahnoza Axunova, ikki murojaatchi ayol Zarifa Xolmuhammedova va Ziyoda Shamsiddinova jurnalistlar va vazirlik mutasaddilari tomonidan savolga tutildi.

Keling, masalaning kulminatsiyasi bo‘lgan ko‘rsatmalarni birma-bir keltirib o‘tsak.

Avvaliga bu qizlardan biri Zarifa Xolmuhammedova bizga sayyor qabulga bormaganini aytdi. Vazirlik mutasaddilari tomonidan qabuldagi suratlar ko‘rsatilganidan so‘ng, barchasini ro‘y-rost aytishga o‘tdi.

«O‘sha kuni mudiramiz tashqariga chiqishimizni, ko‘chada turgan mashinada Farg‘onaga borib kelishimizni aytdi. Mashina chiqqanimda bu kishi (Tolib Asomiddinov – tahr.) o‘tirgan ekan. Biz o‘sha joyga borishimizni, qabulda bizga ish kerakligini, nimalar deyishimizni aytib ketdi. Men o‘sha bog‘chada ishlashimizni aytganman. Yonida bir boshqa odam ham bor edi. Biz bekor bu joyga kelibmiz deb o‘yladik. Bizga bu kishi (Tolib Asomiddinov – tahr.) «Katta rahbar odam keladi. Shu-shu gaplarni aytib qo‘yasizlar bo‘ldi. Ishlamaymiz deb aytasizlar, tamom» deb aytdi», deydi bog‘cha tarbiyachisi.

Uning so‘zlarini ikkinchi tarbiyachi Ziyoda Shamsiddinova ham tasdiqladi. Qizlar Asomiddinov yuzlashtirilgan paytda ko‘rsatmalar har xil, ammo har kim o‘z pozitsiyada qoldi. Murojaatchi qizlarga bosim o‘tkazish holati oldi olinib, ularga erkin gapirish sharoiti yaratib berildi.

Bog‘cha mudirasi Shahnoza Axunova ham voqeaga tushuntirish berdi.

«Men o‘sha kuni bu qizlarimiz borib, ishsizmiz deyishini tayinlamaganman. Bu ishdan mening xabarim yo‘q. Qanday qilib ishlayotgan odamni ishlamaydi deyman? Yakshanba kuni uyimdan meni chaqirtirib olishdi. Bo‘lim boshlig‘im (tuman maktabgacha ta'lim muassasasi) orqali chaqirtirishdi. Muhammadjon Obidov chaqirtirdi. Mendan bu qizlarning ma'lumotlarini so‘radi. Bu ma'lumotlarni berish mumkin emasligini aytsam ham Muhammadjon Obidov qo‘limdan tortib oldi. Hujjatlarni rasmga ola boshladi. Keyin mendan bu xodimlarim haqiqatda ishlaydi, deb yozib berishimni so‘radi. Men yozib berdim. Qabul bo‘yicha buyruqlarni men yozmaganman. Kim yozgan va muhr qo‘ygan, bunisini bilmayman», deydi bog‘cha mudirasi.

Ishga joylashgan ikki ayol juma kuni qabulda qatnashgan bo‘lsa, shanba kunidayoq ularga buyruq chiqqan. Yakshanba kuni esa bog‘cha mudirasining so‘zlariga ko‘ra, jurnalist Muhammadjon Obidov tekshiruvga kelgan. Bunday ketma-ketlik katta tezlik bilan sodir bo‘lgani har kimda shubha uyg‘otishi tabiiy. Qolaversa, faqat muassasa mudirasi ixtiyorida bo‘lgan muhr kimning qo‘lida bo‘lgan, kim buyruqlarni tayyorlagan, masalaning bu tomonlari hali noma'lum.

Vazirlik mutasaddilari qolgan 9 nafar fuqaro murojaati bo‘yicha, shuningdek bu ikki nafar bog‘cha tarbiyachisi bilan bog‘liq ishlarni batafsil o‘rganib, xizmat tekshiruvlaridan so‘ng, jamoatchilikka axborot berishi kutilmoqda. Hozirda bu holat yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda va bu qizg‘in jarayonni kuzatishda davom etamiz.

Bahodir Ahmedov

Top