8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

08:16 / 04.07.2019 7640

Shermatov: «Ayrimlar kitoblarni birato‘la yo‘q qilib, har bir o‘quvchi qo‘liga planshet tutqazishni maslahat berishgan»

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida prezidentning 2019 yil 29 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5712-sonli farmoni mazmun-mohiyati va uning ijrosi mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

9 ta ustuvor yo‘nalish va 48 ta maqsadli ko‘rsatkich bo‘yicha bajarilishi ko‘zda tutilgan Konsepsiyaning sohani malakali kadrlar bilan to‘ldirishga doir qismi haqida fikr yuritar ekan, Sherzod Shermatov ayni paytda bu boradagi ahvol aytarli darajada maqtanarli emasligini, misol uchun, tizimda ishlayotgan o‘qituvchilarning qariyb oltmish ming nafari oliy ma'lumotga ega emasligini ta'kidladi.

— Shunday taassurot uyg‘onadiki, ular xuddiki hech qayerda ish topolmagandan so‘ng “Men ham qayerdadir ishlashim kerak-ku”, deb maktabga kelgandek, — dedi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, xalq ta'limi vaziri davlat rahbarining 5 ta tashabbusidan biri — kitobxonlik va yoshlar mutolaasi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Odamlar xalq ta'limi tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘zlarining ko‘plab maslahatlarini yuborishadi, — dedi Sh. Shermatov. — Ayrimlar hatto kitoblarni birato‘la yo‘q qilib, har bir o‘quvchining qo‘liga planshet tutqazish va darslarni ham to‘liq elektron shaklda o‘tkazishni maslahat berishgan. Ammo men bunday qilinishiga hamisha qarshi bo‘lganman.

Ishonchim komilki, kitob hech qachon yo‘qolmaydi. Taraqqiyot ming kuchaymasin, kitob mutolaasi aslo yo‘q bo‘lmaydi. Bunga rivojlangan davlatlar ham yaqqol misol bo‘la oladi. Masalan, AQShdagi mashhur Amazon portalini oling. Agar AQShda birov bosma kitob o‘qimay qo‘yganida edi, mazkur portalga 40 million turdagi (sonini tasavvur qilavering endi) kitoblar savdosi bo‘yicha e'lonlar joylashtirilmagan bo‘lar edi.

Sherzod Shermatov qabul qilingan Konsepsiya xalq ta'limi tizimini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berganini alohida ta'kidladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Top