19:50 / 17.07.2019
12649

Tanqiddan so‘ng: Sharof Rashidov tumanida saratonda qaqrayotgan paxtazorlarga suv keldi

KUN.UZ tahririyatida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «Qulpisar» FXXUda faoliyat yuritayotgan bir necha fermerlar nomidan paxta ekinlarini sug‘orishda muammolarga duch kelayotgani haqida murojaat kelib tushgan edi.

Murojaat asosida «Sharof Rashidov tumanida «Qani suv?» deb so‘raydigan odam ham, sug‘orishga suv ham topilmayapti» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Maqolada «Qulpisar» FXXUdagi eng chekka fermer xo‘jaligi dalalariga ancha muddat suv yetib kelmagani va paxta maydonlari quriy boshlagani, suv yetib kelishi qiyin yerlarda dehqonchilik qilish oson kechmasligi, suv bu yerlarga nasoslar orqali chiqarib berilishi va nasoslarining yaxshi ishlamasligi hisobiga ham suv paxta maydonlarining chekka qismlariga yetib borishi qiyin bo‘layotgani hikoya qilingan edi.

Maqola e'lon qilingach, tumandagi suvsizlikdan aziyat chekayotgan fermerlar dalalarga suv yetib kelgani va muammo ijobiy hal bo‘lgani haqida xabar yetib keldi.

«Qili Marjon», «Tomchi jilosi», «Qulpisar Kumush tola» fermer xo‘jaliklari paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan. Birgina «Qili Marjon» fermer xo‘jaligi bu yil 300 gektarga yaqin yer maydoniga paxta ekan.

«Bilasizmi, paxtachilikda hosil taqdiri iyul-avgust oylarida hal bo‘ladi. Bu yil iyul oyida harorat ancha baland kelgani bois g‘o‘za rivojiga ta'sir ko‘rsatmay qolmadi. Shuning bilan birga g‘o‘za rivojlanish jarayonida to‘rt marta va undan ko‘proq suv ichadi. Hademay ko‘chatlar ko‘sak tugadigan payti ham keladi. Ayni damda har bir tupda oltitagacha shona sanaysiz. Hosilimizni cho‘g‘i yomon emas. Biz bejiz murojaat qilmadik, paxta chanqagan paytda suvdan qolsa, hosilga ziyon. Biz esa ziyon bilan chiqishni istamaymiz. Ertaga biz uchun hech kim zararni qoplamaydi. O‘n kun hududdagi DM1 kanalida suv bo‘lmadi. Murojaatimizdan so‘ng, suvni yetkazib berishdi. Buning uchun barchaga rahmat deymiz. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, ko‘chatlarimizning ahvoli yomon emas. Shuncha qilan mehnatimizga kuyib qolishni istamadik. Kun.uz tahririyatga va shu ishda ko‘mak berganlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», — deydi fermer O‘rozboy Eshmirzayev.

«Yana bir-ikki kun dalalarimizga suv kelmaganida barcha ekinlarimiz butkul qurib qolardi. Bizning dardimizni bilib, his qilib, tushunib muammoni ijobiy hal qilgan barcha mutasaddilardan minnatdormiz. G‘alla rejasini ortig‘i bilan bajardik. Mana endi paxta rejasini bajarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz», — deydi fermer Qudrat Tugalov.

«Xovos–Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasi bilan viloyatdagi tegishli mutasaddi tashkilotlar paxta dalasiga suv olib kelishibdi. Hududdagi agronom va ikki nafar suvchi tomonidan olib borilayotgan ish jarayonini kuzatdik. Agronom Qo‘chqor Qurbonov ushbu holat qayta takrorlanmasligini bu ishni tuman mutasaddilari o‘zi nazorat qilib borayotganini bildirdi.

«Maqola chiqqan kunning o‘zidayoq «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimining sa'y-harakati bilan DM1 kanaliga suv keldi ayni damda ko‘rib turganingizdek suvchilarimiz ishtiyoq bilan ko‘chatlarni sug‘orishmoqda . «Qili Marjon», «Qulpisar Kumush tola», «Tomchi jilosi» fermer xo‘jaliklari avval aytganimdek, hududdagi eng chekka, suv yetib borishi qiyin joyda joylashgan. O‘n kun davomida suv kelmaganligi bois bo‘liq, chiroyli ko‘z quvnatar darajada yetishayotgan paxta ko‘chatlari, paxta maydonlari quriy boshladi. Paxtalar shonalarini to‘ka boshlagan edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, murojaatdan so‘ng masala ijobiy hal bo‘ldi. Lotoklarimiz va paxta maydonlaridagi o‘qariqlarda suv to‘lib toshib oqayapti. Ayni paytda dalalardagi ahvol qoniqarli darajada», — deydi agronom Qo‘chqor Qurbonov.

Paxta maydonlarining qovjirashi va «suv muammo»si ijobiy hal bo‘ldi. Zir yugurib, dardiga chora izlagan fermerlar mushkuli oson bo‘ldi. Paxta maydonlariga suv yetib keldi. Fermerlar «kichik yo‘qotishlar» evaziga bo‘lsa-da, dalalariga suv yetib kelganidan mamnun va xotirjam. Harholda, ayni jazirama kunlarda kecha-yu kunduz mehnat va parvarish evaziga bo‘y ko‘rsatib turgan nihollar nobud bo‘lmaydi. Yuzlab gektar yerda unib turgan navnihollar qurib qolganida dehqonning holi ne kechardi? Axir gulga kirgan nihollar bahorgi mashaqqatlar evaziga bunyod bo‘lgan. Kutilgan hosilni olish uchun esa tunni tongga ulab mehnat qilish bilan bir qatorda paxta maydonlarini ayni saratonda «chilla suvi»dan bahramand etish lozim. Buning uchun esa ariqlar suvga to‘lib oqishi lozim.

Gulchehra ShARIPOVA,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top