«Biz mehnat qilayotgan Sharof Rashidov tumani «Qulpisar» FXXUdagi DM1 kanalida 10 kundan beri suv yo‘q. Buning natijasida paxta maydonlariga suv kelmayapti. Eng yaxshi paxta maydonlari bizning hududda, buning uchun yil davomida tinmay mehnat qildik. Ayni damda gurkirab turgan paxta maydonlarimiz qovjirash arafasida. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. «Bo‘ladi», «ertaga», «indin» degan javobdan ortiq hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Bizga shu muammoni bartaraf etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz…» Kun.uz tahririyatga Jizzax viloyatidan kelib tushgan navbatdagi murojaatning qisqacha mazmuni ana shunday edi.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Sharof Rashidov tumani «Qulpisar» FXXUda bo‘lganimizda, kun botish arafasida edi. Shunday bo‘lsa-da, voqea joyida hududning raisi Shuhrat Qo‘shboqov va tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlarini uchratdik. Holat bo‘yicha savollarimizga «Qulpisar» FXXU raisi Shuhrat Qo‘shboqov shunday javob berdi:

— Ko‘rganingizdek, suv batamom qurigani yo‘q, bugun sal kamaydi. Aslida, dalalardagi paxta maydonlari deyarli suv ichib bo‘ldi. Faqat shu eng chekka hududlarimizda ozgina muammo bor. Suv sathi kamaygani bois yetkazish qiyin bo‘layapti. Istasangiz, sizga paxta maydonlarini ko‘rsatishimiz mumkin. Mana, tuman irrigatsiya bo‘limi xodimlari ham shu yerda, hozirgina «Xovos-Zomin» irrigatsiya tizimi boshqarmasi mutaxassislari bilan ham gaplashdik, ertalabgacha suv to‘liq yetkazilib beramiz deyishdi.

 

Biz hududdagi DM1 kanali bo‘yida bo‘lganimizda haqiqatan ham suvning sathi judayam kamayganligi bu esa belgilangan paxta maydonlariga qanday yetib borayotganligi bilan ham qiziqdik. O‘zini shu sohada «qirq yillik» tajribaga ekanligini aytgan hudud mirobi Ziyod To‘rayev «barcha paxta maydonlari to‘liq sug‘orilganini mana shu oxirgi nuqta hisoblanmish DM 1 kanalidan sug‘orilayotgan fermer xo‘jaliklarining eng chekka hududlarigacha nasoslar orqali suv yetkazib berilayotganligini, bu borada muammo yo‘qligi»ni qayta va qayta ta'kidladi.

Har ishning o‘z «ustasi» bo‘ladi. «Qirq yillik» tajribaga ega mirob boboning so‘zlariga ishondik. Suvchilikda «qirq yillik» tajribaga ega Ziyod To‘rayevning yolg‘on so‘zlashda ham «qilni qirq yorishi» xayolimizga kelmagan edi. Bunday deyishimizga asos bor. Suvsizlikdan qovjirayotgan paxta maydonlarini deb yil so‘ngida million-million so‘m zarar bilan chiqishini oldindan hisoblab halovati yo‘qolgan fermerlar dardini eshitsangiz siz ham bunga amin bo‘lasiz.