16:06 / 18.07.2019
12560

Prezident maktablariga nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyatsiyaga berish huquqiga ega bo‘lmaydi

Foto: KUN.UZ
Bugun, 18 iyul kuni Xalq ta'limi vazirligida Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlaridagi Prezident maktablariga o‘quvchilarni qabul qilishda o‘tkazilgan saralash imtihonlari natijalari va asosiy bosqich imtihonlari jarayonlari to‘g‘risida ma'lumot berish maqsadida, Cambridge assessment va Xalq ta'limi vazirligi vakillari ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Cambridge Assessment International Education qaroriga muvofiq, nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyatsiyaga berish hamda imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas. Teng natijalar yuzaga kelgan hollarda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan vaziyatda ("Ingliz tilidan test", "Muammoni yechish va tanqidiy fikrlash testi" bilan birgalikda), quyidagi tartibda har bir fan bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzod tanlab olinadi:

1. "Muammoni yechish" tarkibi bo‘yicha ball

2. "Tanqidiy fikrlash" tarkibi bo‘yicha ball

3. "Ingliz tilida o‘qish" tarkibi bo‘yicha ball

4. "Ingliz tilida tinglash" tarkibi bo‘yicha ball

5. Tug‘ilgan sanasi bo‘yicha (yoshroq nomzod tanlanadi).

Agarda hanuz o‘xshashlik mavjud bo‘lsa, Cambridge Assessment uni bartaraf qilish uchun mos usulni ishlab chiqadi.

Agarda o‘qishga kirgan talabgor Prezident maktabida o‘qishni rad etsa yoki birinchi chorak davomida o‘qishni tark etsa, ro‘yxatdagi eng yuqori ball to‘plagan, lekin o‘qishga kira olmagan nomzod bo‘shagan o‘ringa taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, asosiy imtihonlar natijasiga ko‘ra, har bir sinfga 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Ya'ni har bir maktabning 5-10-sinflariga 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda Xalq ta'limi vazirligi asosiy imtihon natijalariga ko‘ra Prezident maktabiga qabul qilinmagan bir guruh o‘quvchilarni boshqa ixtisoslashgan maktablarga imtihonsiz qabulni tavsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa, yoshlarga bilim olishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

 

 

Top