01:42 / 24.07.2019
24751

Shimoliy Koreya Rossiyaga qarashli baliq ovlovchi kemani qo‘lga oldi 

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya Rossiyaga qarashli, bortida 17 dengizchi bo‘lgan baliq ovlovchi kemani qo‘lga oldi. Bu haqda kemaga egalik qiluvchi Shimoli-Sharqiy baliqchilik kompaniyasi direktori o‘rinbosari Sergey Sedler xabar qilgan.

Ta'kidlanishicha, voqea 17 iyul erta tongda yuz bergan. Sedlerning aytishicha, qo‘lga olingan “Syanxaylin-8” kemasida 15 rossiyalik va 2 nafar janubiy koreyalik dengizchi bo‘lgan. Kema Janubiy Koreyaning Sokcho portidan krab ovlagani Yapon dengiziga yo‘l olayotgan bo‘lgan. Shimoliy Koreya kuchlari kemani mamlakat chegarasidan 55 mil uzoqlikda qo‘lga olgan. 

Sedlerning ta'kidlashicha, 17 iyul soat 4da kemaga shimoliy koreyalik chegarachilar chiqib, barcha aloqa vositalarini o‘chirib qo‘ygan. Ta'kidlanishicha, kemaning hibsga olinishiga Shimoliy Koreya o‘z sohilidan 50 mil uzoqlikda o‘z ixtiyoricha o‘rnatib olgan “harbiy qo‘riqlash hududi” chegarasini noqonuniy kesib o‘tishi sabab bo‘lgan.

Dengizchilar Shimoliy Koreyaning Vonsan portiga olib borilgan. Rossiya konsuli ular oldiga 23 iyuldagina tashrif buyurgan. Konsulning aytishicha, rossiyaliklar yopiq kayutalarda saqlanmoqda hamda muntazam ravishda tintuv qilinib, so‘roq qilinmoqda. Shimoliy Koreyada bu masala bo‘yicha sud taftishi qachon boshlanishi ma'lum qilinmagan. 

Mavzuga oid
Top