Jahon | 23:36 / 26.03.2024
16606
6 daqiqa o‘qiladi

Baltimorda konteyner tashuvchi kema ko‘prikka urilib, uni qulatdi: olti kishi qidirilmoqda

AQShning Merilend shtati Baltimor shahridagi 2,5 kilometr uzunlikka ega Frensis Skott Ki avtomobil ko‘prigiga yuk kemasi urilib, qulatib yubordi. Bu vaqtda ko‘prik uzra avtomobillar harakati to‘xtatilgan edi.

Qulatilgan Frensis Skott Ki ko‘prigi. Foto: EPA

Lekin shunga qaramasdan, mahalliy mulozimlarning ma’lumotiga ko‘ra, Patapsko daryosi uzra qurilgan ko‘prikning qulashi tufayli bir nechta avtomobil, jumladan tirkamali yuk mashinasi ham suvga qulagan.

Ko‘prikka Singapur bayrog‘i ostida suzayotgan, Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahri tomon yo‘l olgan 300 metrli Dali konteyner tashuvchi kema kelib urilgan. Kema Maersk yirik kemachilik kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan edi. Kemaga jiddiy ziyon yetmagan, u qulagan ko‘prik bo‘laklari orasiga tiqilib qolgan.

AQShning kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi bo‘yicha federal agentligi oshkor qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘prik tayanchiga kelib urilishidan avval Dali kemasi «boshqaruvni yo‘qotgan».

Meridlend shtati transport vaziri matbuot anjumanida olti kishi bedarak yo‘qolganini aytgan. Ular suvga cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi BBC.

Avvalroq ikki kishi suvdan olib chiqilgan va ulardan biri tibbiy yordamdan bosh tortgan. Ikkinchisi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan, degan Baltimor yong‘in departamenti boshlig‘i Jyeyms Uolles.

Suvdan qutqarilgan va bedarak ketganlarning barchasi to‘qnashuv yuz bergan tunda ko‘prikdagi yo‘l qoplamasini ta’mirlayotgan ishchilar bo‘lishgan. Merilend gubernatori Ues Murning xabar berishicha, to‘qnashuvdan avval kema falokatga uchraganlik signalini bergan va ko‘prik bo‘ylab harakat to‘xatilgan. Biroq ko‘prikni tark etishga ulgurmagan avtomobillar ham bo‘lgan.

Baltimor qo‘ltig‘idagi suvning harorati ayni damda +9 darajani tashkil etadi. Bunday suvga kirish juda xavfli, chunki inson tanasi harorati 35 darajadan pasaysa sovuq urish sodir bo‘ladi.

Qulatilgan Frensis Skott Ki ko‘prigi. Foto: EPA

Shtat gubernatori favqulodda holat e’lon qilgan. U shuningdek federal hukumat yordamidan umid qilayotganini bildirgan. Voqea joyida federal tergov byurosi xodimlari ham ish olib borishmoqda.

Kemani ijaraga olgan Maersk kompaniyasi e’lon qilingan bayonotda kemadan mijozlarning yuklarini tashish uchun foydalanilgani aytilgan. Kemani Synergy Group kompaniyasi boshqargan. Maersk kompaniyasining xodimlari kema sahnida bo‘lmagan.

«Biz Baltimorda sodir bo‘lgan voqeadan dahshatga tushdik va barcha o‘y-fikrlarimiz bu voqeaga taalluqli bo‘lgan insonlarda», — deyiladi bayonotda.

«Biz mahalliy hokimiyat va Synergy Group tomonidan olib borilayotgan surishtiruvlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va mijozlarimizni bo‘layotgan voqealardan xabardor qilib turish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», — degan Maersk kompaniyasi.

Synergy Marine Group esa Dali kemasi ekipaji 22 kishidan iborat ekani va ularning barchasi Hindiston fuqarosi ekanini ma’lum qilgan. Ularning birortasiga jiddiy shikast yetmagan, faqat bir kishining boshi tirnalgan.

Baltimor porti avtomobillar va tirkamalar kabi g‘ildirakli transport vositalari va quruq yuklar doxil bir necha yuklar toifasi bo‘yicha AQShdagi eng yirik port hisoblanadi. 2023 yilda portga 800 ming avtomobil kirib chiqqan va 1,3 mln tonna import yuklar o‘tgan.

Ushbu halokat «AQShning sharqiy sohilida amerikalik importchilar va eksportchilar uchun juda katta muammolarni keltirib chiqaradi», — degan BBC’ga konteyner tashuvlari bo‘yicha mutaxassis Lars Yansen.

Mutaxassisga ko‘ra, «endi 21 mingta konteyner hududdagi boshqa portlarga yo‘naltirilishi kerak bo‘ladi, boz ustiga ko‘plab savdo kemalari Baltimor portida qamalib qolgan». Ularning orasida konteyner tashuvchi kemalar yo‘q, lekin quruq yuk tashiydigan ko‘pgina kemalar bor.

Uning fikricha, ushbu hodisa mintaqaviy miqyosda ishlarning to‘xtab qolishiga va ortiqcha xarajatlarga olib keladi. Global miqyosda uning oqibatlari juda kam.

Nega bunday bo‘ldi?

Sodir bo‘lgan voqeaning sabablari hozircha noma’lum, biroq BBC Verify jamoasi Dali kemasining ko‘prik bilan to‘qnashuvi va uning kemalar harakatini kuzatuvchi MarineTraffic platformasidagi trayektoriyasini tahlil qilgan.

Qulatilgan Frensis Skott Ki ko‘prigi. Foto: EPA

Konteyner tashuvchi kema Baltimor portidan 26 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:24 (Grinvich vaqti bilan 04:24) da chiqqan.

U bir maromda tezligini oshirib borgan va Patapsko daryosi bo‘ylab janubiy sharq tomon harakatlangan.

MarineTraffic soat 01:25 da kema kutilmaganda to‘g‘ri yo‘nalishdan og‘ib sekinlay boshlaganini ko‘rsatgan.

Ko‘prik bilan to‘qnashgan Dali. Foto: Reuters

Videoda deyarli shu vaqtda kemadagi chiroqlar o‘chib qolgani va dudbo‘rondan tutun o‘rlab chiqqanini ko‘rish mumkin.

Soat 01:28 da Dali ko‘prikning tayanchiga kelib urilgan va ko‘prik qulab tushgan.

Mavzuga oid