17:06 / 01.08.2019
2834

Yetim bolalarni turar joylar bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish taklif etilmoqda

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qaror bilan tasdiqlanadigan Nizomda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni tarbiya, davolash muassasalari hamda boshqa muassasalarga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish tartibi belgilanadi.

Shuningdek, nizomga ko‘ra, bronlashtirilgan va biriktirilgan turar joyga ega bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya, davolash muassasalari va boshqa muassasalarda, farzandlikka olgan oilalarda, vasiy (homiy) qaramog‘ida bo‘lgan to‘liq davrda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmatni o‘tash davrida yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan davrida turar joyga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi.

Qaror loyihasining qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni tartibga solishga, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta'minlash tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.

Top