22:00 / 05.08.2019
20582

Marina nega jizzaxlik shifokorlarni ayblamoqda: Unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilganmi?

«Inson uchun eng katta boylik bu — albatta, salomatlik. Dunyo boyliklariga-da alishmaydigan sog‘lig‘imizni shifokorlarga ishonamiz. Ulardan shifo topishimizga umid qilamiz. Farishta misol oppoq xalatlarda sizga muolaja qilayotgan shifokor-u hamshiralarga havas ham qilamiz. Ulardan najot kutamiz. Ammo men ortiq ularga ishonmayman. Aynan «oppoq xalatli» shifokorlarning aybi bilan nogiron bo‘ldim. Uch yildan beri tuzalish o‘rniga turli kasalliklar orttirdim. Noto‘g‘ri tashxis va davolanish oqibatida ikkinchi oyog‘imda ham og‘riqlar boshlandi. Menga noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, qayta va qayta operatsiya qilgan mas'uliyatsiz shifokorlarga chora ko‘riladimi? Men qayta oyoqqa turamanmi? Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Yozgan arizalarim hech natija bermasa, ularni Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari yolg‘on vajlar bilan qaytarib yuborsa... Men kimga murojaat qilishim kerak? Sog‘lig‘imni kim tiklab beradi? Oxirgi umidim sizdan, hurmatli Kun.uz tahririyati ijodkorlari menga shu masalada yordam berishingizni so‘rayman».

Tahririyatga najot istab murojaat qilgan Marina Shunk bilan uning uyida uchrashdik. Marina Shunk ota-onasi bilan Jizzax shahridagi «Bobur» MFYda istiqomat qiladi.

Suhbat avvalida Marinaning onasi barcha kasallik varaqalari-yu, tashxis qog‘ozlari turli tibbiy apparatlardan olingan yo‘llanma va qog‘ozlarni ko‘rsatar ekan, shuncha harakat zoye ketganini, oxirgi operatsiyadan keyin qizining ahvoli butunlay yomonlashgani va buning birgina sababi shifokorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganini aytib o‘tdi.

«Uch yil oldin chap oyog‘imda og‘riq boshlandi, avvaliga e'tibor bermadim ammo bir haftaga bormay og‘riq zo‘rayib, yurishga ham qiynala boshladim. Tabiiyki, hududdagi poliklinikaga chiqdim. Barchasi o‘shandan boshlandi.

Menga onkologik kasalligi bor, deya taxminiy tashxis qo‘yishib, tekshiruvga jo‘natishdi. Ammo tahlillar menda onkologik kasallik yo‘qligini ko‘rsatdi. So‘ng fizioterapiya buyurishdi. Bu esa ahvolimni battar og‘irlashtirdi. Bir necha murojaatimdan so‘ng meni qaytadan ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorlar «gemangioma» (mushaklar uzilishi) tashxisini qo‘yishdi.

2018 yilning 2 mart kuni Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining travmatologiya bo‘limida «chap oyoq boldir sohasi mushak fassiyasi» tashxisi bilan oyog‘imni operatsiya qilishdi. O‘shanda juda quvongandim. Afsuski, operatsiyadan so‘ng ko‘p o‘tmay oyog‘imda shish paydo bo‘la boshladi. Oyog‘im tuzalish o‘rniga yiringlab juda yomon ahvolga keldi. Kasalxona va shifokorlarga qatnayverib bezor bo‘ldim. O‘tirolmaydigan bo‘lib qoldim. Murojaatlarim tufayli yana ayni o‘sha shifokorlar ishtirokida endi «lyumboishialgiya» tashxisi ostida davolashni boshlashdi.

O‘sha birinchi operatsiyadan so‘ng Jizzax shahar va viloyat prokuraturasiga haqiqiy holat haqida ariza yozdim. Arizamga javob esa juda kulgili edi. Unda qorin bo‘shlig‘idagi qandaydir kasallik bilan operatsiya qilinganim va men tomondan keltirilgan vajlar asossizligi ko‘rsatilgan.

Alam qilgani — mening arizamga bu qadar sovuqqonlik bilan javob bergan huquq-tartibot idoralari vakillari voqeani to‘liq o‘rganib ham o‘tirishmagandi. Shunchaki, qorin bo‘shlig‘ida operatsiya o‘tkazgan qandaydir bemorning murojaatiga mening ism-familiyamni qo‘shib jo‘natib yuborishgan.

Shu kungacha 45ta blokada qilindim. Foyda ko‘rmadim. Men doim bepul yo‘llanma bilan kasalxonaga borgan bo‘lsam ham oddiy bintga ham pul to‘laganman. Kamiga «minnatdorchilik xati»ni ham yozib berishimizni so‘rashgan. Joriy yilning yanvar oyida qaytadan operatsiya qilindim. Ammo nima naf?.. Mana, ahvolimni ko‘rib turibsiz.

Uchinchi operatsiyadan keyin esa oyog‘imdagi og‘riq kuchayib, yiring bilan birga turli ip va tushunarsiz moddalar chiqayotgani meni dahshatga solyapti. Bundan ko‘rinib turibdiki, meni operatsiya qilgan shifokorlar o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan. Ular uchun bir inson taqdiri o‘yinchoqmi?», —deydi Marina Shunk

«Marina qizim juda qiynaldi. Uch marta jarrohlik stoliga yotqizilgan bo‘lsa, olti marta kichik jarrohlik operatsiyalarini boshidan o‘tkazdi. Yaqindagina Samarqandga borib, oyog‘idagi yiringni tozalatib keldik. Qizimning immuniteti tushib ketgan. Buning ustiga bir yil davomida son-sanoqsiz diagnostika va nur apparatlariga tushaverib sillasi qurigan. Uning isitmasi tushmayapti. Bu oyoqdagi yiring natijasi. O‘ng oyoqda ham xuddi shunday og‘riq boshlangan. Boshimiz qotdi. Ketgan xarajatni aytmay qo‘yaveray. Turmush o‘rtog‘im bilan topganimizni qizimizning sog‘lig‘i uchun sarflayapmiz. Murojaat qilaverib charchadik.

So‘nggi marta murojaat qilganimda Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Farhod Norqo‘ziyev «sizsiz ham bemorimiz ko‘p, ortiq sizlar bilan shug‘ullana olmaymiz, istagan joyingizga murojaat qilavering», degandi.

Mening o‘zini shifokor deb aytayotganlarga savollarim bor. Nega ular turli tibbiy apparatlarda «gemangioma» tashxisi tasdiqlanmasa-da shu tashxisni qo‘yishdi? Nega qizimning oyog‘ini 9 marta kesishdi? Endi nima qilishmoqchi? Yana kesib yiring bilan yopib tikib qo‘yishadimi? Oqibatiga kimdir javob beradimi?

Bundan bir oy muqaddam Jizzaxda butunjahon travmatologlarining seminari bo‘lib o‘tdi. Biz Marina bilan o‘sha yerga bordik. U yerga dunyoning turli burchaklaridan tajribali travmatologlar tashrif buyurgan ekan. Bizni qabul qilgan rossiyalik mashhur travmatologlardan biri Yuriy Soldatov o‘z tavsiyalarini berish bilan bir qatorda MRT ko‘rigidan o‘tib unga jo‘natishimizni iltimos qildi. Ayni damda bu ko‘rik biroz qimmatlik qilgan bo‘lsa-da ko‘rikdan o‘tib keldik, uning natijalarini diskka tushirib jo‘natamiz.

Tekshiruv natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsam shunisi aniqki, bu yerda jizzaxlik shifokorlar qo‘ygan tashxisning tamomila teskarisi yozilgan. Oxirgi umidimiz Yuriy Soldatovdan. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, unga albatta tekshiruv natijalarini yuboramiz. Agar siz jizzaxlik shifokorlarga borib bizning murojaatimiz haqida gapirsangiz, ular albatta sizga bizning o‘ta noshukr ekanligimizni aytishadi, qanday bo‘lmasin o‘zimizni aybdor qilishadi», — deydi Galina Shunk.

 Marina Shunk faol va noshukur murojaatchimi?

Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida shifokorlar bir ovozdan Marina Shunkning o‘ta faol shikoyatchi ekanini va ko‘rsatilayotgan shuncha tibbiy xizmatlarga qaramasdan noshukrlik qilishini ta'kidlab o‘tishdi.

«Marina Shunk shahar, viloyat va respublika miqyosida to‘liq tekshiruvlardan o‘tgan. Unga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan barcha xizmatlar ikki, hatto uch baravar ortig‘i bilan ko‘rsatilgan. Kuni-kecha unga Toshkentga borib qaytadan ko‘rikdan o‘tib kelishi uchun bepul imtiyozli yo‘llanma berildi. Shuni alohida ta'kidlashim lozimki, Marina Shunkka ko‘rsatilgan xizmatlarning barchasi bepul bo‘lgan», — dedi Jizzax shahar tibbiyot birlashmasi rahabari Isomiddin Ashirmatov.

«Marina Shunkni juda yaxshi taniyman. Bilasizmi, bu qizimiz sportning taekvando turi bilan shug‘ullangan. Mana shu mashqlar davomida u jarohat olgan. Mushaklar ustida pardasi bo‘ladi, qattiq zarb natijasida mushak pardasi jarohatlangan. Jarohati ham shuning oqibatida yuzaga kelgan. Unga qo‘yilgan tashxis avvalboshdan to‘g‘ri bo‘lgan. Operatsiyadan so‘ng jarohatidagi iplar so‘rilmay qolgan. Organizm iplarni chiqarib tashladi. Uning organizmi buni qabul qilmadi. U esa buni noto‘g‘ri tushundi. Mana shu mashmashalar ostida biz bu qizimizni nogironlikka ham chiqardik. Hadeb murojaat qilavergani uchun unga II guruh nogironligi berildi. Aslida, bu kasallik bilan nogironlik berilmaydi.

Yaxshi ko‘ramizmi, yomon ko‘ramizmi faol murojaatchilar bor. Shifokorlar qismatiga shunaqalar ham yozilgan ekan-da. Nailoj, ishimiz shu — davolaymiz. Ayni damda unga miazid (chap oyoq boldir sohasida legatura oqmasi) tashxisi qo‘yilgan. Bu tabiiy holat. Kasallik tuzalishi uchun vaqt va shifokor nazorati kerak. Afsuski bemor buni tushunmayapti. Kutishni istamayapti. Axir kasallik darrov tuzalmaydi. Bu yerda vahima qilishga hech bir asosni ko‘rmayapman. Vaqt o‘tishi bilan yara tuzalib ketadi. Yaralar har xil bitadi. Marinada bu jarayon juda sekinlik bilan kechyapti. Organizm allergiyaga moyil bo‘lgani bois yaralar bitishi qiyin bo‘lyapti», —  deydi Jizzax shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri Musoxon Imomov.

«Marina Shunkni hamma shifokorlar taniydi. U tong otmasdan rahbardan tortib oddiy shifokorgacha kimni tanisa qo‘ng‘iroq qilishni boshlaydi. Unga qancha tushuntirmaylik, baribir tushunmaydi. Bezor qilsa-da uning har bir savoliga javob berishga majburmiz. Ustimizdan arz qilmagan tashkiloti qolmadi. Unga berilgan imtiyozli yo‘llanmalarning esa son-sanog‘i yo‘q. Noshukrlik yaxshi emas.

Respublikadagi taniqli akademiklar ham tekshirib shu tashxisni qo‘yishdi. U va uning oilasi esa nuqul bizni aybdor qiladi. Nima emish, biz unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yganmiz va davolaganmiz. Rosti tushunmay qoldik, dori-darmonlarini ham olib borib berdik. Toshkentga borib keldi, oxirgi xulosani olganimizdan keyin, uning davolovchi jarrohi kerakli tavsiyalarni berdi. Kutyapmiz, kunora tekshirib turibmiz.

Marina Shunkning e'tiroziga ko‘ra, bugungi kunda uning oyog‘idan yiring oqyapti. Shifokorlar tekshirishdi, oyoqda yiring yo‘q. Namlanish bor, u esa buni yiring deyapti. Biz uni barcha shifokorlarga ko‘rsatyapmiz, konsultatsiya olyapmiz. E'tirozlar noo‘rin deb bilaman, bo‘lar-bo‘lmasga Toshkentdan mutaxassis chaqiraverib ham charchadik. Axir buning barchasi mablag‘ga borib taqaladi.

Yuqorida aytganimdek, bu qizimizni akademik Feruza Nazirova hamda professor Fazliddin Bahriddinov tekshirishdi. Ishonmassiz, balki bu qizimiz hatto shu ulug‘ insonlarning ham ustidan arz qildi, ayni damda Marina Shunk murojaati bo‘yicha sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanyapti. Yana qanday e'tibor kerak, hayronman», — deydi Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbar muovini Kamola Murodova.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Marina Shunk va uning oilasi tomonidan keltirilayotgan e'tirozlar quruq tuhmatdan boshqa narsa emas. Biz imkon darajasida Marina Shunkni davolagan va u doimiy kuzatuvda bo‘lgan har bir shifokor bilan suhbatlashib ularning ham fikrini olishga harakat qildik.

E'tirozlarga o‘rin qoldirmaslik uchun Rossiyaning Kurgan shahrida istiqomat qiluvchi tibbiyot fanlari doktori, professor, o‘z sohasining ustasi Yuriy Soldatov bilan ham qo‘ng‘iroqlashdik.

«Iyun oyida Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan seminarda ishtirok etdim. Marina Shunk ismli bemorni konsultatsiyaga olib kelishdi. Men bemorni tekshirganimda hech qanday yiringlash alomatini ko‘rmagandim. Shunday bo‘lsa-da o‘zimga yarasha xulosalarim bor. Lekin bu taxmin, xolos. Tavsiyalarimga ko‘ra, ba'zi bir tahlillar natijasini ular menga jo‘natishlari lozim edi. Bemorning oyoqlarida shish bor edi. Agarda menga kerakli tahlillar natijalarini jo‘natishsa, bemorning hozirgi ahvoli haqida batafsil tushuncha beraman va kerakli muolajani tavsiya qilaman», — dedi professor.

«Qizim juda tushkun ahvolda. Men ona sifatida uni qo‘llab-quvvatlashimga qaramay o‘zini ancha oldirib qo‘ydi. Og‘riq ikkinchi oyoqqa ham o‘tgan, buni o‘ylab, meni ham vahima bosadi. Oyoqlari ishlamay qolsa nima qilamiz? Necha oydirki oyoqdagi yara bitmaydi. Tinimsiz yiring oqsa yana biz aybdormi? Ko‘z o‘ngimizda soppa-sog‘ farzandimiz shifokorlar aybi bilan nogiron bo‘lyapti. Indamay, rahmat aytib ketaylikmi? Insof bormi?», — deydi Galina Shunk.

Aslida, kimnidir aybdor qilishdan osoni yo‘q. Shifokorlarning nazdida Marina Shunk va uning oilasi «shuncha yaxshiliklar va berilgan imtiyozlarga qaramay» tinmay qog‘oz qoralab shikoyatbozlik bilan shug‘ullanayotgan «faol murojaatchi». Xo‘p, shunday ham bo‘laqolsin. «Faol murojaatchimiz» tongdan-shomgacha yozish bilan band ham, deylik. Unga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatning cheki-chegarasi yo‘qdir... Ammo, bir yarim yildan beri bitmayotgan jarohat va yiring aralash oqayotgan qon natijasida isitma tushmayotgani, shifokorlar bergan tashxisni diagnostik apparatlar inkor etayotgani haqiqat emasmi?

Marina Shunk qo‘li gul pazanda. U buyurtmalar asosida pishiriq va salatlar tayyorlab, daromad topardi. Kasallik tufayli sevgan ishini ham davom ettira olmaydi. Nafaqadagi ota-ona bemor farzandini to‘liq davolashga kuchi yetmaydi. Mablag‘dan qiynalishadi. Yaxshilab o‘ylab qaralsa «faol murojaatchi»mizning faollashuviga sabab «noshukrchilik» emas balki, ayrim tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ishonchning yo‘qolganida emasmi?

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri

Top