10:47 / 10.08.2019
8661
Armiya o‘yinlarida ilk g‘alaba: “ReMBAT”chilarimiz ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida o‘tkazilgan “ReMBAT” – “Eng ilg‘or ta'mirlash va evakuatsiya bataloni” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi yakka tartibdagi poyga, harbiy texnika estafetasi, otish tayyorgarligi, jamoa sardorlari bellashuvi shartlarini ko‘ngildagidek bajarib, yakunda umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, musobaqa 4 avgust kuni start olgan edi. O‘zbekiston harbiy mutaxassislari ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etishiga qaramay, beshta bosqichdan iborat bo‘lgan bahslarning 4 tasida 2-, bittasida esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda esa Rossiya birinchilikni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin Laos jamoasiga nasib etdi. Dunyoning kuchli 8 jamoasi ishtirok etgan mazkur musobaqada O‘zbekiston jami 6 022 ball yig‘di. 

– Yigitlarimiz ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edi, – deydi jamoaga boshchilik qilayotgan podpolkovnik Ismoil Navro‘zov. – Odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan jaziramalarda toblanishdi. Mana bugun o‘sha zahmatlarimizning mevasidan bahramand bo‘lyapmiz. Albatta, g‘alaba lazzati hammaga ham yoqadi. Lekin bu birgina bizning emas, balki ona Vatanimizning ham yutug‘idir.

Mavzuga oid
Top